Hududlarning Rossiya tomonidan anneksiya qilinishini tan olmaymiz – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina hozirda Rossiya tomonidan bosib olingan o‘z hududlarini anneksiya qilishni “hech qachon” tan olmaydi, hatto bu tinchlik kelishuviga erishish uchun zarur bo‘lsa ham. Bu haqda kecha, 2 mart oqshomida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa yetakchilarining Londondagi sammitidan so‘ng britaniyalik jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Ukraina rahbarining ta’kidlashicha, Kiyev Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni har doim “vaqtinchalik bosqinchilik” deb hisoblaydi, garchi mamlakat hozirda Rossiyani butunlay siqib chiqarish uchun yetarli harbiy kuchga ega emas bo‘lsada.

“Bizning hududlarimiz va qadriyatlarimiz sotilmaydi. Bizning erkinligimiz sotilmaydi. Rossiya bizni bu ishga tortganligi uchun biz katta narx to‘layapmiz”, dedi Zelenskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlangan taqdirdagina sulhni qabul qiladi. Zelenskiy bunday kafolatlar Ukrainadagi yangi harbiy harakatlarni Rossiya uchun imkonsiz qilishiga yoki Moskva buni qabul qilsa, Ukraina va uning ittifoqchilarining “qattiq javobiga” olib kelishiga umid bildirdi.

Fransiya va Britaniya Rossiya va Ukraina o‘rtasida bir oylik qisman sulh tuzishni taklif qilmoqda. Fransiya rahbari Emmanuel Makronning “Le Figaro” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qilishicha, o‘t ochishni to‘xtatish havo va dengiz zarbalari hamda energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga qadar cho‘zilishi mumkin.

Shu bilan birga, Makron o‘t ochishni to‘xtatgan taqdirda “bu frontda kuzatilayotganligini tekshirish juda qiyin bo‘lishini” ta’kidlab, front chizig‘i uzunligi Parijdan Budapeshtgacha bo‘lgan masofaga teng ekanligini qo‘shimcha qildi.

Fransiya-Britaniya taklifiga ko‘ra, Yevropa quruqlik qo‘shinlari Ukrainaga tinchlik rejasining ikkinchi bosqichidagina kiritiladi.

“Yaqin haftalarda Ukraina tuprog‘ida Yevropa qo‘shinlari bo‘lmaydi”, deydi Makron.

Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Londondagi sammitdan so‘ng to‘rt nuqta kelishilganini aytdi. Shunday qilib, Ukrainaga harbiy yordam berishni davom ettirish va Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirishga qaror qilindi. Rahbarlar har qanday barqaror tinchlik Ukraina suvereniteti va xavfsizligini ta’minlashi, Kiyev esa har qanday tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi kerakligi haqida kelishib oldi.

Agar tinchlik kelishuviga erishilsa, siyosatchilar kelajakda Moskva tomonidan bostirib kirishining oldini olish uchun Ukraina mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga va’da berishdi.

Bundan tashqari, Ukraina va tinchlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvga erishishga tayyor davlatlar koalitsiyasini tuzishga qaror qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing