Hokim bilan janjallashgan direktorni kim kaltaklagani ma’lum bo‘ldi

3-sahifa

image

Avvalroq Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 28-maktabning direktori T.U. shu muassasada ishlovchi o‘qituvchining oila a’zolari tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida xabar berilgan edi. QALAMPIR.UZ mazkur holat yuzasidan batafsil ma’lumot olish maqsadida T.U. ning singlisi T.G. bilan bog‘landi.

Jabrlanuvchining singlisi T.G.ning ma’lum qilishicha, T.U.ni o‘zi rahbarlik qilayotgan maktabda ishlovchi o‘qituvchi D.K. (ayol)ning turmush o‘rtog‘i Y.M. do‘pposlagan.

“Opamni o‘zi ishlaydigan maktab o‘qituvchisining eri urgan. O‘sha ayol turmush o‘rtog‘ini olib kelib, opamni kaltaklatgan. Sababini bilmayman, lekin erkak kishi ayolni bu darajada urmasligi kerakligini bilaman xolos. Ayol kishini urish u yoqda tursin, unga baland ovozda gapirish ham mumkin emas. Har holda Prezidentimiz shunday qonun qabul qilgan”, deydi T.G.

Singlisiga ko‘ra, kaltaklangan maktab direktori T.U.ning ahvoli juda og‘ir va u hozir Sarosiyo tumanidagi tez yordam bo‘limiga yotqizilgan.

Ushbu holat keng jamoatchilikning noroziligi va muhokamalariga sabab bo‘layotgan bir vaqtda viloyat prokuraturasi ham “tilga kirib”, yuqoridagi voqea bo‘yicha rasmiy bayonotini e’lon qildi.

Prokuraturaning bildirishicha, T.U. maktab o‘qituvchisi D.K.ning dars soatlarini asossiz ravishda kamaytirilganligi sababli, turmush o‘rtog‘i Y.M. tomonidan urib, tan jarohati yetkazilgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, Y.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga shikast yetkazish) 2-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan. Shuningdek, gumon qilinuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.

“Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan”, deyiladi bayonotda.

Voqealar rivojida esa joriy yilning 3 avgust kuni T.U. gap qaytargan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bu voqea haqida eshitgach, darrov jabrlanuvchining holidan xabar olish uchun shifoxonaga borgan.

Hokimlik matbuot xizmatining yozishicha, Qosimov boshchiligidagi butun rahbariyat T.U. bilan yuz bergan vaziyatdan chuqur afsusda.

Eslatib o‘tamiz, 3 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov direktorni o‘rnidan turg‘azib, uni “maktabdagi muhitni buzganlik”da, “viloyatni butun dunyoga sharmanda qilganlik”da ayblagandi. Bunga javoban, direktor T.U. o‘ziga nisbatan aytilgan ayblovlarni rad etib, “miltiq bo‘lsa, otib tashlang”, deya e’tiroz bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

direktor miltiq bo'lsa otib tashlang

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing