Xoqon Fidan G‘azodagi genotsidni insoniy fojia deb atadi
Olam
−
27 may 2025 2857 2 daqiqa
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan G‘azo sektoridagi vaziyatni genotsid va insoniy fojia deb atadi hamda bu holatga darhol barham berish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda vazir Rossiyaga tashrifi doirasida o‘zining rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrov bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Fidanning so‘zlariga ko‘ra, agar G‘azodagi qon to‘kilishi to‘xtatilmasa, bu katta tartibsizliklarga olib keladi va holat Isroilni ham chetlab o‘tmaydi. Shuningdek, u xalqaro hamjamiyatni ushbu inqirozni hal qilishda faolroq harakat qilishga chaqirgan.
Xoqon Fidan Suriya bo‘yicha ham fikr bildirgan. Unga ko‘ra, Turkiya va Rossiya Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlab qolishga va mamlakatda tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlashga intiladi.
U shuningdek, Suriya hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora ko‘proq qo‘llab-quvvatlanayotganini aytgan. Turkiya barcha qurolli guruhlarni yagona milliy armiyaga birlashtirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Fidan AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan Suriya hukumatiga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni bekor qilish muhimligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada Turkiya faol diplomatik ish olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, Isroil joriy yilning 18 may kuni ikki oylik tinchlikdan so‘ng, G‘azo sektorida harbiy harakatlarni qayta boshladi. Aynan o‘sha kuni Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) G‘azo sektorida yangi quruqlikdagi operatsiya “Gidyon aravasi” boshlanganini e’lon qildi. “The Times of Israel” nashrining yozishicha, hozirda G‘azo sektorida SAXALning barcha oddiy piyoda va zirhli brigadalari joylashtirilgan. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu Isroil G‘azo sektorining butun hududida harbiy nazorat o‘rnatish niyatida ekanini aytdi. G‘azodagi og‘ir gumanitar vaziyat Yevropa Ittifoqini yahudiy davlati bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga undagan. Britaniya, Kanada va Fransiya esa sanksiyalar bilan tahdid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Ukraina va Rossiya tomoni muzokaralar o‘tkazgandi. Ukraina delegatsiyasi rahbari Umarovning so‘zlariga ko‘ra, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida Prezidentlar Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning shaxsiy uchrashuvi ham muhokama qilingan.
Live
Barchasi