Hindiston-Pokiston muzokaralari faqat harbiy darajada bo‘ladi – HT

Olam

image

Hindiston Pokiston bilan faqat harbiy darajada muzokara olib boradi, hech qanday siyosiy aloqalar bo‘lmaydi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Hindustan Times” gazetasi xabar berdi.

“Biz boshidanoq Hindiston va Pokiston o‘rtasida bo‘ladigan yagona muzokaralar harbiy qo‘mondonlar o‘rtasida bo‘ladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri siyosiy muzokaralar bo‘lmaydi, degan fikrdamiz”, deydi nashr manbalari.

Ular Hindiston Bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Ajit Doval va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankar hamda ularning pokistonlik mavqedoshlari o‘rtasida aloqalar yo‘qligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, rasmiy Nyu-Dehli Kashmir masalasida Islomobod bilan Pokiston tomonidan “noqonuniy ravishda bosib olingan” hududlarni Hindistonga qaytarishdan boshqa hech narsa muhokama qilinmasligiga ishonadi va bu mavzudagi muhokamalar bevosita olib borilishi kerak, deb hisoblaydi.

“Boshqa muhokama qiladigan narsa yo‘q. Ular noqonuniy bosib olingan hududni qaytarishlari kerak va buni to‘g‘ridan to‘g‘ri qilishlari mumkin. Bizning oramizda hech kim kerak emas”, deydi nashr manbalari.

Gazeta manbalari, shuningdek, Pahalgamdagi (Hindiston ittifoqi hududi Jammu va Kashmir) teraktdan so‘ng qabul qilingan Hind suvlari to‘g‘risidagi shartnomani to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror o‘z kuchini saqlab qolganini eslatdi.

“Pokiston ikki tomonlama munosabatlarda o‘zi tanlagan sohalarda hamkorlikni kutgan holda transchegaraviy terrorizmni [qo‘llab-quvvatlashni] davom ettira olmaydi”, deya ta’kidlagan manbalar.

Hindiston-Pokiston munosabatlari 22 aprel kuni Hindiston ittifoqi hududidagi Jammu va Kashmirdagi Pahalgam shahrida sodir bo‘lgan va 25 hindistonlik va bir Nepal fuqarosining hayotiga zomin bo‘lgan terakt ortidan yomonlashdi.

Hindiston “Lashkar-e-Toyba” guruhi tomonidan uyushtirilgan hujumga Pokistonning Xizmatlararo razvedkasi aloqadorligi haqida dalillar borligini da’vo qildi.

Nyu-Dehli va Islomobod o‘zaro cheklovlar qo‘ydi, ikki tomonlama kelishuvlarni to‘xtatdi va bir-birining havo hududini samolyotlar uchun yopdi.

7 mayga o‘tar kechasi Hindiston qurolli kuchlari Pokiston hududida “Sindur” operatsiyasini o‘tkazdi. Bunga javoban 10 mayga o‘tar kechasi Pokiston hukumati keng miqyosli harbiy operatsiya – “Banyan-ul-Marsus” (“Mustahkam devor”) operatsiyasini boshladi.

10 may kuni Nyu-Dehli va Islomobod o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Harbiy muzokaralar yakunida tomonlar quruqlikda, havoda va dengizda barcha otishma va harbiy harakatlarni to‘xtatishi haqida kelishuvga erishildi.

Biroq bir necha soat o‘tgach, Jammu va Kashmir va Panjobning bir qancha shaharlarida dronlar kuzatildi, havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushirildi, elektr ta’minoti uzildi.

Hindiston harbiy rasmiylarining aytishicha, tun Nazorat chizig‘i va Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi xalqaro chegara bo‘ylab xotirjam o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing