HAMAS bilan muzokaralarda siljish yo‘q – Uitkoff
Olam
−
02 avgust 2535 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff HAMAS bilan olib borilayotgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda hozircha hech qanday ijobiy yangilik yo‘qligini bildirdi. Bu haqda u bugun, 2 avgust kuni Isroilning Tel-Aviv shahrida garovga olinganlarning oilalari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
“Men sizning umidsizlikni his qilayotganingizni tushunaman. Bilaman, siz ularning uyga qaytishini xohlaysiz. Men bu yerda ishlayapman, chunki men ham farzandimni yo‘qotganman. Bu qanday og‘riq ekanini bilaman. Sizga yaxshi xabar bera olishni juda xohlardim. Afsuski, vaziyat murakkab. Sabablari bor, lekin ularni ochiqlay olmayman. HAMAS bu – terroristik tashkilot”, degan Uitkoff.
U, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp garovdagilar haqida juda qayg‘urishini va uning missiyasi hammani uyga qaytarish ekanini ta’kidlagan.
“HAMAS o‘z va’dasida turmayapti. Muzokaralar keskin kechgan, hozir biz yoki hammasi yoki hech narsa tamoyiliga asoslanib harakat qilish kerak, deb o‘ylayapmiz”, deya qo‘shimcha qilgan AQSH vakili.
U avvalroq aytganidek, Isroil aholisi ham, G‘azo aholisi ham garovdagilar ozod qilinishini istaydi, chunki bu orqali tinchlik va tiklanishga umid qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, bugun, 2 avgust holatiga ko‘ra, G‘azo sektorida Isroilning harbiy amaliyotlari oqibatida kamida 60 ming 400 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan. Jarohatlanganlar soni esa 139 ming 600 dan oshgan. Ushbu qurbonlar orasida kamida 18 ming 500 bola halok bo‘lgan, 34 mingdan ortiq bola esa turli darajadagi jarohatlar olgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff G‘azo sektoriga tashrif buyurib, yordam taqsimlanadigan punktlarni ko‘zdan kechirgandi. Uning safaridan maqsad – G‘azodagi oziq-ovqat inqirozi fonida AQSH tomonidan ishlab chiqilayotgan yordam rejasini aniqlashtirish edi. Uitkoff Rafah shahrida joylashgan tarqatish markaziga borgan. Bu tashrif G‘azoga hozirgacha bo‘lgan eng yirik havo orqali gumanitar yordam yetkazilgan kunga to‘g‘ri kelgan. Yordam BAA, Iordaniya, Germaniya, Ispaniya, Belgiya, Fransiya va Bahrayn tomonidan yuborilgan.
Live
Barchasi