Mbappening dubli bilan Fransiya ham pley-offga chiqdi

Sport

image

Bugun, 23 iyun kuni 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichi 2-turidan o‘rin olgan Fransiya va Iroq terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. Bahsda fransuzlar 3:0 hisobida g‘alaba qozondi va pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

AQSHning Pensilvaniya shtati, Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Fransiya safida Kilian Mbappe 14 va 54-daqiqalarda, Usmon Dembele esa 66-daqiqada gol muallifi bo‘ldi.

O‘yinda kiritilgan gollarni ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ushbu dubl orqali Mbappe Jahon chempionatlari tarixidagi gollari sonini 16 taga yetkazdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Germaniya terma jamoasining afsonaviy hujumchisi Miroslav Kloze bilan tenglashdi. Ayni paytda ushbu reytingda faqat Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi oldinda bormoqda. Uning hisobida Jahon chempionatlari doirasida 18 ta gol mavjud.

Uchrashuv birinchi bo‘limdan so‘ng noqulay ob-havo sharoiti sabab to‘xtatildi. Jamoalar qariyb ikki soatlik tanaffusdan keyin bahsni davom ettirishdi. AQSHda o‘tkazilayotgan turnir o‘yinlarida xavfsizlik bo‘yicha qat’iy qoidalar amal qiladi: agar stadiondan 13 kilometr radiusda chaqmoq qayd etilsa, uchrashuv darhol to‘xtatiladi va futbolchilar kiyinish xonalariga yuboriladi. 

Ikki turdan keyin Fransiya terma jamoasi 6 ochko bilan “I” guruhida peshqadamlik qilmoqda. Iroq esa ochkosiz holda so‘nggi, to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. 

Ma’lumot uchun, guruh bosqichining so‘nggi turida Fransiya joriy yilning 26 iyun kuni Norvegiyaga qarshi maydonga tushadi. Iroq esa shu kuni Senegal bilan kuch sinashadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing