Kolumbiyada o‘ng qanotchi nomzod prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi

Olam

image

Kolumbiyada o‘tkazilgan prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichida o‘ng qanotdan nomzod Abelardo de la Espriyella kichik farq bilan g‘alaba qozondi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp qo‘llab-quvvatlagan nomzod ovozlarning 49,66 foizini qo‘lga kiritgan. Uning raqibi, senator Ivan Sepeda esa 48,70 foiz ovoz to‘plagan. Ikki nomzod o‘rtasidagi farq taxminan 250 ming ovozni tashkil etgan.

Qayd etilishicha, saylov kampaniyasi davomida De la Espriyella jinoyatchilikka qarshi keskin kurash, iqtisodiyotni jonlantirish, neft va gaz sohasini rivojlantirish, soliqlarni hamda davlat apparatini qisqartirishni va’da qilgan. U shu bilan birga amaldagi Prezident Gustavo Petro davrida joriy etilgan eng kam ish haqining 23 foizlik oshirilishi va ayrim ijtimoiy dasturlarni saqlab qolishini bildirgan.

“Men menga ovoz berganlar uchun ham, boshqa nomzodni tanlaganlar uchun ham prezident bo‘laman”, degan De la Espriyella o‘z tarafdorlari oldida qilgan chiqishida.

Uning raqibi Ivan Sepeda esa Prezident Gustavo Petroning siyosatini davom ettirishni taklif qilgan. Bular qatorida kam ta’minlangan aholi uchun pensiya to‘lovlari, kasaba uyushmalari qo‘llab-quvvatlagan mehnat islohotlari, yangi neft loyihalariga moratoriy va qurolli guruhlar bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirish bor edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Sepeda saylov natijalari bo‘yicha yakuniy tekshiruvni kutishini ma’lum qilgan. Uning shtabi mamlakat bo‘ylab 33 ming saylov qutisi bo‘yicha natijalarni bahslashmoqda.

Tahlilchilar fikricha, nomzodlar o‘rtasidagi farq juda kichik bo‘lgani sababli yangi prezident o‘z dasturining bir qismini yumshatishga majbur bo‘lishi mumkin. Chunki mamlakat parlamentida hech bir siyosiy kuch mutlaq ko‘pchilik tarafdorlariga ega emas. Saylovda 41,4 million saylovchidan 26,3 millioni ishtirok etgan. Shuningdek, 427 mingdan ortiq saylovchi bo‘sh byulleten tashlab, norozilik ovozini bildirgan.

Kuzatuvchilarning qayd etishicha, Kolumbiyadagi saylov natijalari Lotin Amerikasida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan siyosiy tendensiyani davom ettirgan. Bungacha Chili, Argentina, Kosta-Rika, Boliviya va Ekvadorda ham o‘ng qanotchi prezidentlar saylangan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSH Prezidenti Donald Trampni mamlakatdagi prezidentlik saylovlariga aralashishda ayblagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing