O‘zbekiston Jahon blits chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritdi

Sport

image

Kecha, 21 iyun kuni Gonkongda bo‘lib o‘tgan 2026 yilgi jamoaviy tezkor va blits shaxmat bo‘yicha jahon chempionati o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning blits yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi sovrindorlar safidan joy oldi.

Pley-off bahslarini muvaffaqiyatli boshlagan terma jamoa chorak finalda musobaqaning asosiy favoritlaridan biri sanalgan xalqaro professional shaxmat jamoasi (WR Chess) jamoasini mag‘lub etdi. Ushbu jamoa tarkibida sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen hamda sobiq jahon chempionkasi Aleksandra Kostenyuk kabi taniqli shaxmatchilar harakat qilgan.

Yarim finalda o‘zbekistonlik shaxmatchilar Xitoyning “Dragon Chilling” jamoasiga imkoniyatni boy berishdi. Biroq uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda “Xeksamaynd” jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, musobaqaning bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston jamoasi safida Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov, Afruza Hamdamova, Umida Omonova va Oqjol Rahmatullayev ishtirok etdi.

Mazkur natija orqali terma jamoa 30 ming yevro miqdoridagi mukofot puliga ham ega bo‘ldi. Jahon blits chempionatida oltin medallarni “Dragon Chilling” jamoasi qo‘lga kiritdi. Jamoa tarkibida sobiq jahon chempioni Din Lijen va amaldagi jahon chempioni Ju Venszyun ishtirok etgan. Kumush medallar esa xalqaro “Endgeym” jamoasi hisobiga yozildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing