Surxondaryoda Aleksandr Fedin yaratgan o‘rmonzor “Dendrologiya bog‘i”ga aylantiriladi
Jamiyat
−
21 iyun 4684 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida ekologik fidoyi Aleksandr Fedin bilan uchrashib, “Oqtepa” suv ombori hududida barpo etilgan o‘rmonzorni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda qo‘mitaning ijtimoiy tarmoqlarida xabar berildi.
Uchrashuv davomida Aleksandr Fedin davlat himoyasiga olinishi va Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi O‘rmon agentligiga ishga qabul qilinishi ma’lum qilingan.
Shuningdek, “Oqtepa” suv ombori hududida yillar davomida shakllangan noyob daraxtzor, yovvoyi hayvonlar va qushlar yashash muhitiga ega bo‘lgan hudud negizida “Dendrologiya bog‘i” tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, bog‘ni rivojlantirish va uni saqlash uchun qo‘shimcha infratuzilma yaratiladi, jumladan hududda xodimlar uchun zarur sharoitlar va texnik vositalar, xususan kvadrosikllar bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Aleksandr Fedin uchun bog‘ hududida yashash uchun kichik uy-joy ham barpo etilishi rejalashtirilgan.
Qayd etish joiz, Aleksandr Fedin 1959 yilda Tojikistonda tug‘ilgan, chaqaloqligida esa ota-onasi Surxondaryoga ko‘chib o‘tgan. U Jarqo‘rg‘on tumanida voyaga yetgan, o‘zbek tilida qo‘ng‘irot shevasida so‘zlashadi.
1986 yilda uning qarindoshlari Rossiyaga qaytadi. Unga ham Tambov shahriga kelishini ko‘p bora aytishadi. Ta’tillarda borib kelishi, lekin u yoqdan tez zerikib qolishini aytgan Fedin Rossiyadagi o‘rmonlarga havas qilib qaytganini eslaydi.
Fedin 1989 yilda Jarqo‘rg‘onda davlatdan 4 gektar yer olgan. Qattiq va tashlandiq joyga daraxt ekib, bog‘ qilgan. Shundan keyin unga yana 80 gektar yer berilgan.
Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy maydoni 84 gektar bo‘lgan bu o‘rmonzorda 30 turga yaqin jonivor, 500 turdan ortiq daraxt mavjud (shulardan 50 turdagi daraxt va 12 turdagi hayvon “Qizil kitob”ga kiritilgan).
Aleksandr Fedin bog‘dagi mavjud flora va fauna olamining yangi turlarini kashf etish, mavjudlarini ilmiy o‘rganish uchun universitet talabalariga ham ekskursiyalar tashkil qilgan.
2023 yilning 18 iyulida o‘rmonzorga borgan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov kichik o‘rmonzor bo‘lgan xo‘jalik hududini asrash, flora va fauna xilma-xilligini oshirish, belgilangan talablar asosida ovchilikni yo‘lga qo‘yish orqali ekoturizmni rivojlantirish kerakligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi