Musayevga bog‘lanayotgan korrupsion sxema bo‘yicha Migratsiya agentligi tilga kirdi
Jamiyat
−
20 iyun 26880 5 daqiqa
2025 yilning mart oyida korrupsion jinoyatda ayblanib, ishdan bo‘shatilgan, hozirda firibgarlikda gumon qilinayotgan va Interpolga qidiruvga berilgan Migratsiya agentligining sobiq xodimi Azizbek Toshtemirov “Koreya ishi” bo‘yicha korrupsion holatlarga agentlik rahbari Behzod Musayevning ham bevosita aloqasi borligi haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.
“Koreya 24 soat” deb nomlangan telegram kanaliga Migratsiya agentligi rahbariga tegishli ekani aytilgan audio va yozishmalardan olingan suratlar joylab borilmoqda. Unda Behzod Musayev qimmatbaho sovg‘alar, davlat hisobidan $150 ming dollarlik mashina, premium do‘konlardan xarid qilinadigan go‘sht mahsulotlari talab qilgani haqida jiddiy ayblovlar ilgari surilgan. Azizbek Toshtemirov o‘z kanalida barcha holatlar bo‘yicha faktlar yetarli ekani, huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etishga tayyorligini bildirgan.
Interpol qidiruvida bo‘lgan Azizbek Toshtemirovning 17 iyun kuni e’lon qilgan postiga ko‘ra, u Koreyada ishlayotgan paytida undan Behzod Musayev uchun har ikki haftada 10 kilogrammdan qimmatbaho vagyu go‘shti yuborib turish talab qilingan. U gapiga isbot sifatida Migratsiya agentligining rahbari Behzod Musayevga tegishli ekani aytilgan audioni ilova qilgan.
“Mana bu sumkangni olib ket, ketishingdan oldin. Ichini to‘ldirib “mramorniy go‘sht olib kelasan” deyilgan audioda.
U nazarda tutilgan sumkaning rasmini ham telegram kanaliga joylagan.
(1).jpg)
Qolaversa, Azizbek Toshtemirov tez-tez spirtli ichimliklar, kosmetika mahsulotlari va hatto “Please” (erkaklik quvvatini oshiruvchi vosita) dorisini yuborish so‘ralgani aks etgan skrinshotlarni ham e’lon qilgan.
.jpg)
“B. Musayev soliqchi bo‘lganku, soliq solish qonida bor. Mening bo‘ynimga solingan soliqlar ham kundan-kunga ortib bordi. Men topgan oyligimga Musayev va uning oilasi uchun eng qimmatbaho koreys kosmetikalaridan tortib, zubnoy pasta-yu, hatto vlajniy salfetkagacha yuborishim kerak edi”, deb yozadi Azizbek Toshtemirov.
.png)
.png)
.png)
Sobiq xodim go‘sht mahsulotlarini “Premium” do‘konlardan sotib olingani, ba’zan u bunday mahsulotlarga maoshi yetmay boshqa xodimlar bilan pul yig‘ishga majbur bo‘lganini ham yozgan.
Azizbek Toshtemirov “4-Fakt” sifatida kanaliga joylagan postida Koreyadan maxsus tyuning qilingan Hyundai Palisade avtomobilini yuborish talab qilinganini yozdi.
“Talablar borgan sari oshib bordi. Bir kuni Musayev mashinada o‘tirsa, beli og‘rib qolayotganini aytib, Koreyadan maxsus yotib ketishga mo‘ljallangan (tuning qilingan) divanga ega Hyundai Palisade mashinasini yuborishimni buyurdi. Mashinani izladik, topdik, ammo to‘lovga kelganda “o‘zing amalla” degan javobni oldim”, deb yozadi Toshtemirov.
.png)
Toshtemirov bunday pul yo‘qligini aytganida, Musayev unga vakolatxona uchun mablag‘ so‘rab rasmiy xat yozishni buyurgani ham keltirib o‘tgan.
“Menda buncha pul yo‘qligini aytganimda, vakolatxona uchun mablag‘ so‘rab rasmiy xat yozishimni buyurdi. “Byudjetda 150,000 $ pul bor, senga yuboraman, yechib olib, mashinani menga yuborasan”, deb aytdi. Soliq va turli vazir lavozimlarida ishlaganligi uchun davlat pulini qanday obnal qilishni yaxshi biladi axir janob Musayev!”, deb yozgan sobiq agentlik xodimi.
Avvalroq, Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlangani, ular 600 dan ortiq odamdan $90 mln olgani fosh qilingani ma’lum bo‘lgandi. Azizbek Toshtemirovning iddao qilishicha, bu jinoyatga ham Musayev aloqador.
“Ayni paytda Koreyaga ishlash uchun ketgan fuqarolarning kim orqali, qancha pul evaziga ketganligi tekshirilmoqdami? Xo‘sh, nima sababdan B. Musayevning shaxsan topshirig‘i ortidan Koreyaga ketganlar bilan hech kim qiziqmayapti? Bunday topshiriqlarning son-sanog‘i yo‘q. Qay biridan qanchadan olgan noma’lum, lekin hoynahoy 90 mln $ Musayevning uyidan chiqsa ajabmas”, deb yozgan u.
Azizbek Toshtemirov agentlikning sobiq rahbari Afzal Ermatovga aloqador noqonuniy harakatlarga ham to‘xtalib o‘tgan.
“A. Irmatov aynan 2022 yili Koreyaning O‘zbekistondagi vakili janob Kwon’dan imtihonlarni soxtalashtirishga imkoniyat yaratishni talab qiladi. Koreyalik rasmiy vakil bundan bosh tortadi albatta. Bundan jahli chiqqan Irmatov “hali seni yo‘q qilaman” deya ishga kirishdi. Shaxsan mening tarjimonligim ostida o‘tgan Koreya davlatidagi HRD rahbarlari bilan o‘tgan uchrashuvda u vakilning ustidan tuhmat so‘zlar bilan shikoyat qilib, uni almashtirishni talab qildi. Koreya tomon vaziyat bo‘yicha rasmiy xat so‘ragani uchun boshqa davlatning diplomati ustidan “podstava” xat bilan murojaat qildi”, deb yozgan Azizbek Toshtemirov.
Bugun, 20 iyun kuni Migratsiya agentligi shov-shuvli holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Unda Azizbek Toshtemirov skrinshot, audio va rasmlar bilan iddao qilayotgan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va bir tomonlama talqin qilingani aytilgan.
“Mazkur holatlar bo‘yicha vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, barcha holatlarga huquqiy baho beriladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Qolaversa, Migratsiya agentligi davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga oid har qanday ma’lumotlar faqat rasmiy manbalar va ishonchli dalillarga asoslangan holda baholanishi lozimligini esaltib o‘tgan.
“Ayrim internet resurslari orqali shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, sha’n va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni e’lon qilish, shuningdek, jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan harakatlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi”, deyilgan agentlik munosabatida.
Shuningdek, agentlik iddao qilingan holatlarni aniqlash bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilinayotganini ma’lum qilgan.
“Migratsiya agentligi o‘z faoliyatini ochiqlik, qonuniylik va javobgarlik tamoyillari asosida davom ettirmoqda hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda barcha holatlarga oydinlik kiritilishini ta’minlaydi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Azizbek Toshtemirov kim?
35 yoshli Azizbek Toshtemirov Andijon viloyatida tug‘ilgan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Koreyadagi vakolatxona rahbari lavozimida faoliyat olib borgan. 2025 yilning mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan va firibgarlikda gumon qilinib xalqaro qidiruvga berilgan.
Avvalroq, Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i, Azizbek Toshtemirov xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi