Rossiya Kiyevning tarixiy qadamjosini bombardimon qildi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
15 iyun 3815 2 daqiqa
Bugun, 15 iyunga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina poytaxti Kiyevga keng ko‘lamli havo hujumlarini uyushtirdi. Hujum oqibatida UNESCO‘ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Kiyev-Pechersk lavrasi hududida yirik yong‘in yuz berdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Temur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, lavra hududida kuchli yong‘in kelib chiqqan. Shahar meri Vitaliy Klichko esa yong‘in majmuaning asosiy ibodatxonasi – Uspenskiy sobori tom qismida yuz berganini bildirgan.
Hujum oqibatida Kiyevning bir nechta tumanlaridagi turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rgan. Jumladan, Pechersk tumanidagi besh qavatli, Solomenskiy tumanidagi to‘qqiz qavatli hamda Obolon tumanidagi turar joy binolariga zarba tegib, ayrim joylarda qisman qulash holatlari kuzatilgan. Shuningdek, Shevchenko tumanida bozor, oziq-ovqat do‘koni va ko‘p qavatli uy zarar ko‘rgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odam jarohat olgan.
Zarbalar oqibatida elektr uzatish tarmoqlariga ham zarar yetgan va Kiyevdagi 140 mingga yaqin abonent elektr ta’minotisiz qolgan.
Rossiyaning tungi hujumlari Ukrainaning boshqa hududlarini ham qamrab olgan. Xarkov shahrida avvalgi zarba oqibatidagi yong‘inni o‘chirishga kelgan qutqaruvchilarga takroriy hujum uyushtirilishi ortidan 5 nafar qutqaruvchi halok bo‘lgan, yana kamida 5 kishi jarohat olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina droni Qrimda Moskva–Simferopol yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdiga hujum qilgandi. Zarba oqibatida mashinist yordamchisi halok bo‘lgan, mashinist esa jarohatlangan edi.
Live
Barchasi