Andijondagi fojiada FVB xodimlari beparvolik qildimi?

3-sahifa

image

Avvalroq, Andijon viloyatining Marhamat tumanida joylashgan tibbiyot birlashmasi hududida 4 xodim bunkerdagi gazdan zaharlanib vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hodisa vaqtida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan beparvolikka yo‘l qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlar tarqaldi. Mazkur xabarlar yuzasidan Favqulodda vaziyatlar munosabat bildirdai.

Ushbu hodisa joriy yilning 10 iyun kuni taxminan tush vaqtida Marhamat tumani markaziy poliklinikasi hududida sodir bo‘lgan. Texnik xodimlardan biri xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagan holda nasos motorini sozlash maqsadida quduqqa tushgan. Biroq bunday quduqlar ichida, odatda inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan zaharli va zararli gazlar to‘planadi.

Birinchi xodimga yordam berish maqsadida uning ortidan poliklinikaning yana uch nafar texnik xodimi birin-ketin quduqqa tushgan. Oqibatda ularning barchasi zaharli gazlardan zaharlanib, halok bo‘lgan.

Mazkur hodisa haqida xabar kelib tushishi bilanoq Marhamat tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbari boshchiligidagi qutqaruvchilar guruhi zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.

Tuman boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, quduqqa tushgan poliklinika xodimlarining hech biri qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borgan vaqtda hayot alomatlarini ko‘rsatmagan. Bu holatni tasdiqlovchi videoyozuv ham mavjud.

Halok bo‘lganlarning jasadlarini quduqdan olib chiqish uchun Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining radiatsion-kimyoviy muhofazaga ixtisoslashgan maxsus bo‘linmasi chaqirilgan.

Bildirilishicha, birinchi qutqaruvchilar guruhi voqea joyiga yetib borgan vaqtda quduq ichidagi odamlar hali tirik bo‘lgani va yordam so‘rab chaqirgani, ammo qutqaruvchilar maxsus himoya vositalari yo‘qligini vaj qilib ularga yordam ko‘rsatmagani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari har kuni o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘ygan holda insonlarning hayotini saqlab qolish uchun xizmat qiladilar. Ayrim hollarda yirik yong‘inlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlar vaqtida ular qahramonlarcha halok ham bo‘lishadi. Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida uch kishi quduqdagi gazdan zaharlanib vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

zaharlanish Andijon Marhamat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing