Kim Chen In va Si Szinpin muhim masalada kelishib oldi (video)

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va Xitoy Xalq Raisi Si Szinpin Xitoy–KXDR munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi. Bu haqda Shimoliy Koreya rasmiy davlat axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Kim Chen In Shimoliy Koreyada tashrif bilan bo‘lib turgan Si Szinpin sharafiga rasmiy qabul tashkil qilgan.

Kim Chen In nutqida Pxenyan Pekin bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini tasdiqlagan va ikki davlat o‘rtasidagi “sotsialistik davlatlar o‘rtasidagi strategik namunaviy munosabatlarni” yanada mustahkamlash niyatini bildirgan.

Uning aytishicha, o‘tkazilgan muzokaralarda ikki mamlakat xalqlari farovonligi uchun sotsializm yo‘lida hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan umumiy iroda yana bir bor tasdiqlangan.

Si Szinpin esa Shimoliy Koreyaga iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tushunchaga erishilganini aytgan.

Xabar qilinishicha, tomonlar KXDR va Xitoy o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganining 65 yilligi munosabati bilan ikki davlatda tantanali tadbirlar o‘tkazishga kelishib olgan. Shuningdek, yuqori darajadagi siyosiy aloqalarni kuchaytirish, iqtisodiy va madaniy sohalarda almashinuvni kengaytirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tomonlar xalqaro va mintaqaviy masalalar, suverenitetni himoya qilish, xavfsizlik va rivojlanish manfaatlari yuzasidan fikr almashgan. Global siyosiy vaziyat murakkabligi fonida mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari ham muhokama qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Si Szinpinning KXDRga ushbu tashrifi so‘nggi yetti yildagi birinchi davlat tashrifi bo‘lib, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi eng muhim diplomatik voqealardan biri sifatida baholangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Shimoliy Koreya yangi bosqich munosabatlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing