Qirg‘izistonda ham ichib rulga o‘tirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Olam

image

Qirg‘izistonda bundan buyon mast holda avtomobil boshqargani uchun takroran qo‘lga tushgan haydovchilarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etiladi. Bu haqda Prezident Sadir Japarov tomonidan imzolangan “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga oid bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z borgan. 

Hujjat 15 aprel kuni Jogorku Kenesh (parlament) tomonidan qabul qilingan bo‘lib, yo‘l harakati qoidabuzarliklari, ayniqsa, mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun javobgarlikni kuchaytiradi.

Agar shaxs ma’muriy jazoga tortilganidan so‘ng bir yil ichida yana mast holda rulga o‘tirsa, u 150 ming somgacha (taqriban 1715 AQSH dollari)  jarimaga tortilishi yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Mastlik yoki giyohvand moddalar ta’sirida sodir etilgan va jabrlanuvchilarga olib kelgan yo‘l-transport hodisalari uchun jazo yanada qattiqlashadi. Agar yo‘l-transport hodisasi oqibatida sog‘liqqa og‘ir shikast yetkazilsa, aybdor besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi. Oqibatlar o‘ta og‘ir kechsa, bu muddat sakkiz yildan o‘n yilgacha bo‘ladi. Shu bilan birga, sud aybdorni o‘n ikki yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qiladi.

Qonun, shuningdek, avtomobillarni evakuatsiya qilish qoidalariga ham o‘zgartirish kiritadi.

Endi mashina faqat aniq belgilangan hollarda: temiryo‘l izlarida, ko‘priklarda, piyodalar o‘tish joylarida qoldirilgan, shoshilinch xizmatlar harakatiga to‘sqinlik qilayotgan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan joylarni egallagan yoki avariya-qutqaruv ishlariga xalaqit berayotgan bo‘lsa, jarima maydonchasiga majburan olib ketiladi.

Qonunchilikda ilk bor g‘ildiraklarni bloklash mexanizmi joriy etilmoqda.

Maxsus qurilmalar avtomobillardan tashqari, rul boshqaruvi va pedallarini bloklash orqali mototsikllar, kvadrosikllar va boshqa mototransport vositalariga ham o‘rnatilishi mumkin.

Hujjatsiz transport vositasini boshqarganlik uchun jarimalar jiddiy o‘zgarmoqda.

Haydovchilik guvohnomasi, ro‘yxatga olish hujjatlari yoki tegishli toifasi bo‘lmagan holda mashina boshqarganlik uchun 10 hisoblash ko‘rsatkichi (1 ming som) miqdorida jarima solinadi. Umuman boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsning avtomobilni boshqarganligi uchun jarima 150 hisoblash ko‘rsatkichini (15 ming som), ilgari haydovchilik huquqidan mahrum etilganlar uchun esa 200 hisoblash ko‘rsatkichini (20 ming som) tashkil etadi.

O‘zbekistonda-chi?

O‘zbekistonda haydovchilarning transport vositalarini alkogolli ichimlikdan mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarishi  Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi sanksiyasiga asosan transport vositalarini boshqarish huquqidan uch yil muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, – bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda ham bunday qoidabuzarlik ma’muriy javobgarlik belgilanganidan keyin takroran sodir etilishiga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Transport vositalari haydovchilarining mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida ekanligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi, shunday qilmish yoxud transport vositalarini mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa moddalar ta’siri ostida boshqarganligi uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing