Ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rsata oldik – Kannavaro
Sport
−
09 iyun 4141 2 daqiqa
Bugun, 8 iyundan 9 iyunga o‘tar kechasi O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati oldidan Niderlandiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Uchrashuvda Fabio Kannavaro shogirdlari 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bahs yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Menimcha, biz ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rsata oldik. Hisob 1:0 bo‘lganidan keyin ham maydondagi tartib va “liniya”ni yo‘qotmadik. Jamoa bo‘lib harakat qilishda davom etdik va oxirigacha kurashdik. Bunday darajadagi milliy jamoalarga qarshi o‘ynash oson emas. Biroq jamoam o‘yinida ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim. Bizga aynan shunday o‘yinlar kerak. Chunki bunday raqiblarga qarshi maydonga tushganingizda doimo nimanidir o‘rganasiz va tajriba orttirasiz. Umuman olganda, uchrashuvdan mamnunman”, dedi Kannavaro.
Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbbiyi himoyada yuzaga kelgan xatolar haqida to‘xtalar ekan bunday xatolarsiz o‘ynab bo‘lmasligini ta’kidladi va shuningdek himoyada ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rganini aytdi.
“Tayyorgarlikni bir oydan ham ko‘proq vaqt oldin boshlaganmiz, legioner futbolchilarimiz esa keyinroq jamoaga qo‘shildi. Shunga qaramay, jismoniy tayyorgarlik borasida yaxshi ish olib borganimizga ishonaman. Albatta, ayrim futbolchilar bilan bog‘liq hali hal etishimiz kerak bo‘lgan masalalar ham bor va biz ular ustida ishlashda davom etamiz”, deya javob berdi murabbiy.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Niderlandiya terma jamoalari ishtirokidagi asosiy bahsda yevropaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Dastlab niderlandiyaliklar 32-daqiqa Jahongir O‘rozovning qo‘polligidan so‘ng penalti ishlab oldi va buni Kodi Gakpo golga aylantirdi. Ikkinchi bo‘lim asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan, 90+2-daqiqada Igor Sergeyev gol urib, hisobni tenglashtirdi. O‘yin tugashiga yaqin, 90+8-daqiqada Gakpo dublni rasmiylashtirib, jamoasini g‘alabasini ta’minlagandi.
Live
Barchasi