Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi sabab Shengen tartibi qat’iylashdi

Olam

image

Rossiyada faoliyat yuritayotgan Italiyaning VMS va AlmavivA viza markazlari vositachilar orqali hujjat qabul qilishni to‘xtatdi. Endi ariza beruvchilar hujjat topshirishga shaxsan pasport va tasdiqlangan onlayn-navbat bilan borishlari shart. Bu haqda kecha, 13 may kuni Rossiya turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) xabar berdi.

Qayd etilishicha, Italiya tomoni bir nechta turfirmalar uchun akkreditatsiya bo‘yicha hujjat topshirish imkoniyatini saqlab qolgan, biroq buning uchun ulardan to‘liq turpaket (mehmonxona, aviachipta va sug‘urta bilan birga) sotib olish shart qilib belgilangan.

Qoidalarning qat’iylashrilishi rossiyaliklar uchun “yozgi mavsumda Italiyaga sayohat qilishni so‘roq ostida qoldiradi”, deya qayd etgan ATOR. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mustaqil ravishda hujjat topshiruvchi Moskva va Moskva viloyati propiskasiga ega shaxslar viza markaziga eng kamida iyun oxirida, hududlardan keluvchi sayyohlar esa iyul oyida kira olishlari mumkin. Hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatini inobatga olinsa, viza olish jarayoni to‘rt oygacha davom etishi mumkin. Bundan tashqari, endilikda hujjatlar yanada qattiqroq tekshirilishi kutilmoqda.

ATOR ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 12 may kuni talab keskin ortgan paytda ayrim vositachilar Italiya viza markazlariga hujjat topshirish xizmati narxini 100 ming rublgacha ko‘tarib yuborgan. Biroq hozirda bu takliflar o‘z dolzarbligini yo‘qotgan.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Pergabriele Papadia de Bottini di Sant-Aneze hibsga olingani ma’lum bo‘lgandi. U Shengen vizalarini noqonuniy rasmiylashtirish sxemasini tashkil etish, noqonuniy immigratsiyaga ko‘maklashish va korrupsiyada gumon qilinmoqda. Tergov talqiniga ko‘ra, 56 yoshli diplomat va uning yordamchisi Tatyana Tarakanova 4 ming yevrodan 16 ming yevrogacha bo‘lgan qo‘shimcha to‘lov evaziga hujjatlari talabga javob bermaydigan Rossiya fuqarolariga uzoq muddatli Shengen vizalarini rasmiylashtirib bergan. Shu yo‘l bilan Italiyaga kamida 95 nafar rossiyalik noqonuniy kirib borgan bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

viza elchi Italiya Shengen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing