23 ta hududni suv bosgan: Toshkentdagi toshqin sabablari aytildi (video)

Jamiyat

image

Kecha, 10 may kuni Toshkent shahrida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida shaharning 8 ta tumanidagi 23 ta manzildan suv to‘planishi holatlari bo‘yicha Toshkent shahar hokimligiga bir qancha murojaatlar kelib tushgan. Shu bo‘yicha shahar hokimligi matbuoti rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lumotiga ko‘ra, 10 may kuni yog‘ingarchilik miqdori 35 millimetrni tashkil etgan. Bu miqdorning asosiy qismi ikki soatdan kamroq vaqt ichida yog‘gan bo‘lib, o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik me’yorining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etgan. Xabar qilinishicha, Toshkentdagi mavjud yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 millimetrgacha yog‘ingarchilikni qabul qilishga mo‘ljallangan. Shaharning ishlab chiqilgan yangi bosh rejasiga muvofiq, tizimning o‘tkazuvchanlik quvvatini bir kecha-kunduzda 36 millimetrgacha bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.

Shunday qilib, eng kuchli yomg‘ir paytida shahar suv oqizish infratuzilmasi bosh rejada nazarda tutilgan istiqboldagi hisob-kitob parametrlariga yaqin bo‘lgan keskin va qisqa muddatli yuklamaga duch kelgan.

Ayrim nuqtalarda kelyotgan suv hajmi bir vaqtning o‘zida mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlarning o‘tkazuvchanlik quvvatidan oshib ketgani, oqibatda bir qator hududlarda yomg‘ir suvi to‘planib qolgan.

Bildirilishicha, ayrim joylarda mahalliy omillar ham vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Suv oqizish elementlarining chiqindilar bilan tiqilib qolishi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar, ariq va irrigatsiya tizimlarining avtoturargoh yoki boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun to‘sib qo‘yilishi shular jumlasidan. Har bir bunday holat shahar miqyosida butun suv oqizish tizimining faoliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatgan.

Oqibatlarni zudlik bilan bartaraf etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, drenaj-kollektor tizimlari, kanallar, kommunal xizmatlar va boshqa tegishli tashkilotlarning mutaxassislari hamda brigadalari jalb etilgan. Joylarda 60 dan ortiq maxsus texnikalar noqulaylikni bartaraf etishda ishtirok etgan.
Ko‘rilgan choralar natijasida suv to‘planishi oqibatlari bir soat ichida to‘liq bartaraf etilgan.

Hokimlik axborotiga ko‘ra, har bir manzil bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan vaziyat birlamchi tarzda o‘rganilib, quyidagi choralar ko‘rib chiqilmoqda:

  • 5 ta manzilda irrigatsiya tizimini qurish;
  • bitta hududni loyihachilar bilan birgalikda qayta o‘rganib chiqish;
  • qo‘shimcha 3 ta dyuker o‘rnatish;
  • bitta ob’ektda diametri 800 mm bo‘lgan, boshqa bir qator hududlarda esa diametri 500 mm bo‘lgan quvurlarni o‘rnatish;
  • qo‘shimcha nasos agregatlarini o‘rnatish va suv chiqarish quvvatini oshirish;
  • 6 ta qo‘shimcha suv qabul qilish panjarasini montaj qilish;
  • tizimning ayrim qismlari o‘tkazuvchanlik quvvatini kuchaytirish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining ayrim ko‘chalari va avtomobil yo‘llari suvga to‘lib qolgani xabar qilingan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent toshqin sabablari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing