Saida Mirziyoyeva Italiyada o‘zbekistonlik rassomning shaxsiy ko‘rgazmasida ishtirok etdi
Jamiyat
−
09 may 3372 2 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 61-Venetsiya biyennalesi doirasida Palazzo Franchetti saroyida Vyacheslav Oxunovning “Instruments of the Mind” (“Tafakkur vositalari”) nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochilishida ishtirok etdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Mirziyoyevaning aytishicha, Oxunov konseptual san’atning yetakchi namoyandalaridan biridir. Ushbu ko‘rgazma uning fikr va tasavvur ko‘lami naqadar keng ekanini yaqqol namoyon etadi. Loyiha rassom ijodining qariyb yarim asrlik davrini qamrab olgan bo‘lib, undan 1970 yillarga oid, shu paytga qadar namoyish etilmagan noyob asarlar ham o‘rin olgan.
“Bu O‘zbekistonning badiiy salohiyati zamonaviy san’at vositasida jahon ahli bilan muloqot qilib, ko‘plab qalblarni zabt etayotganining yana bir yorqin isbotidir”, deyiladi xabarda.
Qolaversa, 61-Venetsiya biyennalesida O‘zbekistonning “The Aural Sea” milliy paviloni ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tgan.
“Ochilish marosimida nutq so‘zladim. Bu men uchun o‘ta ahamiyatli chiqish bo‘ldi. Loyiha Orol dengizi mavzusiga bag‘ishlangan, biroq bunda u faqatgina ekologik fojia timsolida talqin qilinmagan. Ushbu ekspozitsiyada Orol bizning xotiralarimiz, afsona va rivoyatlarimiz hamda ijodiy izlanishlar makoni sifatida namoyon bo‘lgan”, deya yozgan Mirziyoyeva.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston paviloni biyennale ishtirokchilari va mehmonlarining katta qiziqishiga sazovor bo‘lib, madaniyatimiz bilan yaqindan tanishish va mintaqamizga sayohat qilish istagini uyg‘otdi.
Live
Barchasi