AQSH Eron tufayli Yevropaga qurol sotishni kechiktirdi – OAV
Olam
−
17 aprel 1738 2 daqiqa
Amerikalik mulozimlar ba’zi yevropalik hamkasblarini Eron bilan davom etayotgan urush fonida AQSH zahiralari kamayib ketgani sababli, avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha qurol yetkazib berishda kechikishlar bo‘lishi mumkinligi haqida xabardor qildi. Bu haqda kecha, 16 aprel kuni vaziyatdan xabardor beshta manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, kechikishlar Yevropaning bir qancha davlatlariga, jumladan, Boltiqbo‘yi va Skandinaviya mintaqalariga ta’sir qiladi. Gap, xususan, xorijiy harbiy sotuvlar (FMS) dasturi doirasida sotib olingan qurollar haqida bormoqda. Manbalarning aytishicha, AQSH rasmiylari yevropalik hamkasblari bilan yozishmalarda ushbu yetkazib berishlar katta ehtimol bilan ortga surilishidan ogohlantirgan.
Oq uy va Davlat departamenti jurnalistlarning so‘rovlarini Pentagonga yo‘naltirgan, Pentagon esa hozircha izoh berishdan bosh tortgan.
“Bu kechikishlar 28 fevralda Amerika-Isroil aviazarbalari bilan boshlangan Eronga qarshi urush AQSHning ba’zi o‘ta muhim qurol va o‘q-dorilar zahiralarini naqadar kamaytirib yuborganini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
“Reuters” qayd etishicha, yevropalik mulozimlar bu kechikishlar ularni qiyin ahvolga solib qo‘yayotganidan shikoyat qilmoqda. FMS dasturi chet el davlatlari tomonidan AQSH hukumatining roziligi va tegishli logistik ko‘magi bilan Amerika qurollarini sotib olishni nazarda tutadi. Donald Tramp Prezidentligi davrida Vashington NATOdagi yevropalik ittifoqchilarini Yevropa mudofaasi uchun mas’uliyatni qisman amerikaliklardan yevropaliklarning o‘zlariga o‘tkazish maqsadida bunday xaridlarni ko‘paytirishga faol chaqirgan edi.
Biroq ta’minot tez-tez kechikmoqda va yevropaliklar borgan sari ko‘proq o‘zlarining qurol tizimlariga e’tibor qaratmoqda. Amerikalik mulozimlar esa qurol-yarog‘ Yaqin Sharqdagi urush uchun kerakligini aytib, Yevropa davlatlarini AQSH va Isroilga Hormuz bo‘g‘ozini ochishda yordam berishni istamayotganlikda ayblamoqda.