Yilning eng yaxshi fotosuratlari e’lon qilindi (fotojamlanma)

Bu qiziq

image

Kecha, 9 aprel kuni World Press Photo 2026 tanlovining mintaqaviy g‘oliblari e’lon qilindi. Jami 42 nafar fotosuratchi turli yo‘nalishlar bo‘yicha taqdirlandi

Quyida 2026 yilning turli kategoriyalarda g‘olib bo‘lgan suratlar to‘plami keltirilmoqda. Yilning eng yaxshi fotosurati va ikki nafar finalchi joriy ylning 23 aprel kuni e’lon qilinadi.

1. “Umidsiz iltijo”. Xitoydagi Tay Po turarjoy majmuasi yonib ketgan payta shu binoda yashovchi Vongning faryodli tasviri aks etgan. U yong‘indan bir necha daqiqa avval bino ichida qolib ketgan rafiqasi bilan qo‘ng‘iroqlashib, so‘nggi marta gaplashgan. Xitoy Gong Kong, 2025 yil 26 noyabr.

Yong‘in 168 kishining hayotiga zomin bo‘lgan bo‘lib, bu Gong Kong tarixidagi 1948 yildan beri eng halokatlisi hisoblanadi. Rasmiy sabab hali e’lon qilinmagan bo‘lsada, o‘tkazilgan tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, bambukdan qilingan qurilish iskala, himoya to‘rlari va derazalardagi yonuvchan penoplast panellar yong‘in tarqalishini kuchaytirib, aholining binodan chiqib ketishini qiyinlashtirgan.

2. “Iqlim o‘zgarishi”. 2022 yilgi qurg‘oqchilik paytida La Bosa to‘g‘oni suv sig‘imi 8,5 foizgacha kamayganidan so‘ng sayyohlik kemasi quruqlikka chiqib qolgan holda turibdi. Meksika, Santyago, 2022 yil 20 iyun.

3. “Miley hukumati davridagi Argentina”. Ushbu suratda pensionerlarning norozilik namoyishi paytida politsiya ruhoniy Jorge Romeroni hibsga olgani aks etgan. Kambag‘allar tarafida ruhoniylar guruhi pensiya miqdorining oshmasligiga va asosiy tibbiy xizmatlar qisqartirilishiga qarshi o‘tkaziladigan haftalik namoyishlarda ishtirok etgan. Argentina, Buenos-Ayres, 2025 yil 14 may.

4. “Emma”. Yolg‘iz qariya Valtraud Emma nomli robot bilan suhbatlashmoqda. Emma yuzlarni taniy oladi va oldingi suhbatlarni eslab qoladi. Valtraud boshida shubha bilan qaragan bo‘lsada, vaqt o‘tishi bilan u Emma bilan o‘zini yaqin his qila boshlaganini aytgan.

Germaniyada qariyalar uylarida ikki asosiy muammo mavjud: xodimlar yetishmasligi va yolg‘izlik. 80 yoshdan oshgan har besh nafar aholining biri o‘zini juda yolg‘iz his qiladi. Shu sababli myunxenlik startap tomonidan yaratilgan Emma kabi ijtimoiy robotlar sinovdan o‘tkazilgan. Germaniya, Albershausen, 2025 yil 3 iyul.

5. San-Lukas maydonida kommunal xizmat xodimlari qon izlarini yuvib tozalamoqda. Misli ko‘rilmagan darajadagi qurbonlar soniga va asosiy jinoiy guruh rahbarlarini qo‘lga olish muvaffaqiyatsiz tugaganiga qaramay, davlat hukumati bu operatsiyani muvaffaqiyatli deb e’lon qilgan. Rio-de-Janeyro, 2025 yil 29 oktyabr.

Mamlakatdagi “Qizil qo‘mondonlik” jinoiy guruhiga qarshi Alemao majmuasi va Penha favellari (Rio-de-Janeyrodagi kambag‘al mahalla hududi)da politsiyaning katta opersiyasi o‘tkazilgan. Bu reyd davomida 2 500 nafar mahalliy va harbiy politsiya xodimi jalb qilingan bo‘lib, u Braziliya tarixidagi eng qonli operatsiyaga aylangan. Umumiy hisobda 122 kishi halok bo‘lgan.

6. “Los-Anjeles olov ichida”. Suratda kuchli shamollar fonida Palisadeys yong‘ini bir mahallani vayron qilmoqda. Los-Anjelesdagi yong‘inlar oqibatida mulkka yetgan zarar 28 milliard dollardan 53,8 milliard dollargacha baholangan bo‘lib, bu minglab mahalliy bizneslar faoliyatini izdan chiqargan. Los-Anjeles, Kaliforniya, 2025 yil 7 yanvar.

Qattiq qurg‘oqchilik va soatiga 160,9 kilometr tezlikdagi shamollar Los-Anjeles bo‘ylab 14 ta yirik o‘rmon yong‘inini yuzaga keltirgan. Oqibatda 18 000 dan ortiq bino vayron bo‘lgan, 200 000 kishi esa uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 31 kishi halok bo‘lgan bo‘lsa-da, sog‘liqni saqlash tadqiqotlari zaharli tutun va tibbiy yordam uzilishi oqibatida yana 440 ta o‘lim holati qayd etilgan.

7. “Qo‘rqib ketyapman”. Atifa Malmastok Oila sog‘liq markazida o‘zining so‘nggi yordamini amalga oshirmoqda. U dori-darmonlar tugab qolgani va ishni davom ettirish imkoniyati yo‘qligi sababli uning oxirgi faoliyati bo‘lishini aytgan. Afg‘oniston, Daykundi viloyati, 2025 yil 22 iyul.

Afg‘onistonda tibbiy yordamning qisqarishi homilador ayollarga yanada qiyinchilik tug‘dirgan. Oqibatda ko‘plab ayollar farzandini uy sharoitida dunyoga keltirishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa dunyoda onalar o‘limi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlardan biri hisoblangan davlat uchun juda og‘ir holatdir. Shu bilan birga, mamlakat bo‘ylab 422 ta tibbiy muassasa, jumladan kichik mahalla klinikalari ham yopilgan.

8.“Manasilos: hayotga qaytish”. Charchagan Manasilos ko‘tarib olib ketilmoqda. Manasilos bayrami (Fiesta de los Manacillos) – mahalliy jamoa tomonidan Muqaddas hafta (Holy Week) davomida o‘tkaziladigan an’anaviy marosimdir. An’anaga ko‘ra, Manasilos bayramning dastlabki 48 soati davomida uxlamasligi kerak. Kolumbiyaning Tinch okeani yomg‘ir o‘rmonlari ichkarisida joylashgan bu hududga faqat daryo bo‘ylab 10 soatlik qayiq sayohati orqali yetib borish mumkin. Bu jamoa 1700-yillarda qul qilib olib kelingan afrikaliklarning avlodlaridan tashkil topgan afro-avlodli aholi hisoblanadi. Bugungi kunda ular noqonuniy konchilik, daraxt kesish va qurolli mojarolar kabi xavflarga qarshi kurashib yashamoqda.

9. “O‘g‘irlangan ta’lim”. Al-Shaddadi shahrida joylashgan maktabda ISHID ekstremistlari yuzlab darsliklarni yoqib yuborgan. Maktablarning kamida to‘rtdan biri zarar ko‘rgan yoki butunlay vayron qilingan. Suriya. 2016 yil 11 aprel. BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 234 million maktab yoshidagi bolalarning 85 millioni ta’lim olish imkoniyatidan mahrum. Maktablar vayron qilinmoqda, o‘qituvchilar o‘ldirilmoqda yoki boshqa joyga ko‘chishga majbur bo‘lmoqda, darsliklar yoqib yuborilmoqda, sinfxonalar esa harbiy bazalarga aylantirilmoqda.

10. “Sudan urushi: qamalgan xalq”. Omdurman Sudanda 2023 yil aprelidan beri uzluksiz jangovar harakatlar davom etayotgan hudud. 2024 yil 25 oktyabr. 2019 yildagi inqilob o‘nlab yillar davom etgan diktaturani ag‘darib, Sudanda demokratik umidlarni uyg‘otgan edi. Biroq 2021 yildagi harbiy to‘ntarish bu umidlarni yo‘qqa chiqardi. Mamlakat armiyasi va yarim harbiy kuchlari bir-biriga qarshi chiqib, dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan biriga aylangan urushni boshlab yubordi. Bugungi kunda tashqi kuchlar ham qurol yetkazib berish orqali mojaroni yanada kuchaytirmoqda. Oqibatda 13 milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan, kamida 150 ming kishi esa halok bo‘lgan.

11. “Portlenddagi noroziliklar”. Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati qayta ishlash markazi oldida xavfsizlik xodimlari va boshqa federal idoralar vakillari namoyishchilar bilan to‘qnashgan. AQSH, Oregon. 2025 yil 24 iyun. 2025 yilda Tramp ma’muriyati immigratsiya nazoratini chegara hududlaridan mamlakat ichki qismiga ko‘chirdi. Ular kuniga 3000 ta hibsga olishni maqsad qilgan va maktablar, shifoxonalar, sudlar hamda ibodat joylari uchun mavjud himoya choralarini bekor qilgan. Portlend o‘zining shtat va mahalliy huquq-tartibot organlariga federal immigratsiya nazorati bilan hamkorlik qilishni taqiqlagani sababli, qarshilik harakatlarining markaziga aylangan.

12. “AQSH immigratsiya xizmati tomonidan odamlarni qo‘lga olish”. Xavfsizlik xodimi oilalar bo‘linib ketayotganiga guvoh bo‘lgani uchun o‘z hislarini yashira olmay yig‘lamoqda. Xavfsizlik xodimlari tobora keskinlashib borayotgan sud muhitida federal agentlar, oilasi ajralib ketayotgan odamlar va namoyishchilar orasida qolib ketmoqda. AQSH, Nyu-York, 2025 yil 20 avgust. 2025 yilda immigratsiya siyosatidagi o‘zgarishlar oqibatida sud binolari deportatsiya jarayonlarining asosiy markazlariga aylangan. Niqob taqqan agentlar sud qaroridan keyin darhol noqonuniy migrantlarni hibsga oladi. Bu esa ko‘p hollarda oilalarning og‘ir ruhiy jarohat bilan ajralishiga sabab bo‘lar edi.

13. “Chavandoz ayollar”. Sidi Raxalda Gita Jiat o‘zining itoatsiz ayg‘irini boshqarmoqda. Uning otasi unga uzoq vaqt davomida Tburidada ishtirok etishni taqiqlab kelgan bo‘lsa-da, u 2025 yilda orzusini amalga oshirib, pioner Zahiya Abulayt bilan birga ot minishga erishdi. Tburida UNESCO tomonidan tan olingan, XVI asrga borib taqaladigan Marokashning an’anaviy ot bilan bog‘liq madaniyatidir. Otliq guruhlar bir tekis safda chopib, xoreografiya asosida tashkil etilgan harbiy otliq sahnasini namoyish qiladi va bir vaqtning o‘zida miltiqdan o‘q uzadi. Tarixan bu an’anada ayollar cheklab qo‘yilgan bo‘lsa-da, Marokashda 2004 yildagi oila qonunlari islohotlaridan so‘ng ayol otliqlar ham bu sohada ishtirok etish uchun kurasha boshlagan.

14. “G‘azoga guvohlik”. Falastindagi Xon Yunus shahrida ozod qilingan mahbus va tutqunlar Nosir shifoxonasiga yetib kelmoqda. Ular o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida Isroil qamog‘idan ozod qilingan. Isroil deyarli 2000 nafar falastinlikni qo‘yib yuborgan. G‘azo, 2025 yil 13 oktyabr. 2025 yilda Falastindagi fuqarolar ochlik, ocharchilik va uzluksiz bombardimonlar ostida qoldi. Qurbonlar soni 75 000 dan oshib ketgan, Isroil hukumati esa qat’iy cheklovlarni joriy qilgan.

Ma’lumot uchun, “Jahon matbuot fotosuratlari” (World Press Photo) – bu dunyodagi eng nufuzli fotojurnalistika tanlovlaridan biri bo‘lib, har yili global miqyosda sodir bo‘layotgan muhim voqealarni aks ettirgan eng sara suratlarni aniqlaydi. Tanlov 1955 yildan beri Niderlandiyaning Amsterdam shahrida har yili o‘tkazib kelinadi. Unda turli mamlakatlardan professional fotograflar ishtirok etib, urushlar, iqlim inqirozi, migratsiya, ijtimoiy muammolar va inson hayotiga ta’sir qiluvchi boshqa dolzarb mavzularni yoritgan ishlari bilan qatnashadi.

 


Maqola muallifi

Teglar

g'oliblar World Press Photo 2026 “Jahon matbuot fotosuratlari”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing