Xorazmda IIO xodimi 30 ming dollar bilan qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
24 dekabr 7322 2 daqiqa
Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’um qilinishicha, Xorazm viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining katta tezkor vakili Xiva shahri hududidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekish uchun ajratilgan 12 sotix yer maydonida uy-joy qurish uchun hokimiyat idoralarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga fuqarodan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda Buvayda tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan shaxs 2006 yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirib, o‘zi va 14 nafar yoshlarga dehqonchilik qilish uchun davlat tomonidan imtiyozli shartlar asosida ajratilgan jami 3 gektar yer maydonini tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 115 mln so‘m talab qilib, 9500 AQSH dollari va 700 ming so‘m olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a”, “b” bandlari va 229-6-moddasi (sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida advokatlar hay’atining muqaddam sudlangan advokati o‘z tanishlari orqali “qamoq” ehtiyot chorasini hal qilib berish evaziga pora talab qilgandi.