Rossiya kosmosga raketa uchirdi
Bu qiziq
−
27 noyabr 5523 1 daqiqa
Bugun, 27 noyabr kuni Rossiyaning “Soyuz MS-28” kosmik kemasi Qozog‘istondagi Bayqo‘ng‘ir kosmodromidan Xalqaro kosmik stansiya (XKS)ga uchirildi. Bu haqda “Sputnik Kazaxstan” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, “Soyuz 2.1a” raketasi Toshkent vaqti bilan 14:28 da muvaffaqiyatli uchirilgan. Kema bortida ikki rossiyalik kosmonavt va bir nafar NASA astronavti parvoz qilgan.
Ekipaj tarkibidan Sergey Kud-Sverchkov — qo‘mondon sifatida o‘zining ikkinchi kosmik parvoziga chiqmoqda, yana bir rossiyalik kosmonavt Sergey Mikayev va NASA astronavti Kristofer Uilyams esa ilk bor koinotga yo‘l oldi.
Uchirish rejasi bo‘yicha, kosmik kema Yer atrofida ikki marotaba aylangach, Xalqaro kosmik stansiyaning “Rassvet” moduliga avtomatik tarzda ulanadi.
Ekipaj stansiyada sakkiz oy davomida ishlaydi. Ularning Yerga qaytish vaqti 2026 yil iyul oyining oxiriga rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA muhandisi bepul kosmik selfi xizmatini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi. Ushbu loyiha mutlaqo bepul bo‘lib, xizmatdan 13 yoshdan katta bo‘lgan har bir inson foydalanishi mumkin. Bunda barcha suratlar oldindan moderatsiyadan o‘tadi.