AQSH O‘zbekistonga soya va paxta yetkazib beradi
Jamiyat
−
07 noyabr 5214 2 daqiqa
AQSHdan O‘zbekistonga soya va paxta yetkazib beriladi. Bu haqda bugun, 6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vaziri Xovard Latnik bilan o‘tkazgan muzokarada kelishildi.
O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ko‘p qirrali O‘zbekiston – AQSH munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar ko‘payib, qariyb 1 milliard dollarga yetdi. O‘zbekistonda AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va innovatsiya sohalarida qator yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda”, deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.
Savdo aloqalarini mustahkamlash, hududlararo hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish, shuningdek, Muvofiqlashtiruvchi kengash ta’sis etishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. AQSHdan soya va paxta yetkazib berish, shuningdek, Amerikaning ilg‘or tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha dastlabki shartnomalar tuzilgan.
Muzokaralar yakunida qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya platformasini yaratish orqali amaliy hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.
Qayd etish joiz, joriy yil avgust oyida an’anaviy paxta eksportchisi bo‘lib kelgan O‘zbekiston o‘zining yirik ishlab chiqarish hajmlariga qaramay, AQSHdan paxta xarid qilishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi savdo departamenti rahbari Inomjon Abdurahmonov bundan O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining jahonning premium bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash ko‘zlanganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Mirziyoyev AQSH Eksport-import banki rahbari Jon Yovanovich va AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Блэкни qabul qilgandi.
Live
Barchasi