Rossiya Ukrainaga yadro quroli tashuvchi raketalar bilan tizimli hujum boshladi – OAV

Olam

image

Joriy yilning avgust oyidan beri Rossiya Ukraina hududiga kamida 23 ta 9M729 turidagi raketa uchirgan. Ushbu raketalar bir paytlar AQSHning O‘rta va qisqa masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan chiqishiga sabab bo‘lgan. Bu haqda Ukraina hukumatidagi ikki yuqori martabali manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, mazkur raketalar oddiy yoki yadroviy jangovar kallaklar bilan jihozlanishi mumkin. “Reuters”ning bir manbasiga ko‘ra, bu raketalarning ilk qo‘llanish holatlari 2022 yilda qayd etilgan, biroq so‘nggi oylar ichida ularning ishlatilishi muntazam tus olgan.

AQSHning Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ma’lumotlariga ko‘ra, raketaning haqiqiy uchish masofasi 2 500 kilometrga yetishi mumkin.

“Rossiyaning O‘rta va qisqa masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnoma bilan taqiqlangan 9M729 raketasini qo‘llashi Vladimir Putinning AQSH diplomatik sa’y-harakatlariga va shaxsan Prezident Trampga bepisandligini ko‘rsatadi”, deydi Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga.

Ukraina harbiylaridan birining ma’lum qilishicha, joriy yilning 5 oktyabr kuni Rossiya tomonidan uchirilgan raketalardan biri 1200 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, Ukraina hududidagi nishonga yetib borgan. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 9M729 raketasining ishlatilishi Rossiyaga uzoq masofadan hujumlar uyushtirish imkonini berib, Yevropa xavfsizligi uchun yangi tahdidlarni yuzaga keltiradi. Buyuk Britaniyaning sobiq harbiy attashesi (Moskva va Kiyevdagi) Jon Formanning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya yadroviy kallak o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan raketalarni ishlatayotgani tasdiqlansa, bu faqat Ukraina uchun emas, balki butun Yevropa uchun ham jiddiy muammo bo‘ladi.

Mutaxassislarning baholashicha, ushbu turdagi raketalar Rossiya kuchlariga o‘z hududi ichkarisidan, xavfsiz masofadan turib zarba berish imkonini yaratadi, bu esa ko‘pchilik mudofaa tizimlarining faoliyat radiusidan tashqarida qoladi.

“Bunday qurol Rossiyaga zarba yo‘nalishlarini kengaytirish, havo mudofaasini chalg‘itish va zarba berish vositalari sonini ko‘paytirish imkonini beradi”, deydi Midlberi kollejining global xavfsizlik bo‘yicha tahlilchisi Jeffri Lyuis.

Ukraina tomoni daliliy fotosuratlarni taqdim etgan. Joriy yilning 5 oktyabr kuni Lapayevka qishlog‘idagi zarba joyidan olingan suratlarda to‘rtta odam halok bo‘lgan joyda 9M729 belgisi tushirilgan raketa parchalari ko‘rinadi. Lyuis boshchiligidagi tahlilchilar guruhi topilgan detallar haqiqatdan ham ushbu modelga tegishli ekanini tasdiqlagan. Harbiy tahlilchilarning fikricha, 9M729 raketalarining qo‘llanilishi ikki maqsadni ko‘zlashi mumkin – tizimni haqiqiy jangovar sharoitda sinovdan o‘tkazish va G‘arbga Moskvaning xalqaro cheklovlarga tushuvchi qurollardan foydalanishga tayyorligini namoyish etish.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat kuchlari Rossiya hududining ichkarisiga qaratilgan zarbalarni kengaytirishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina raketa 9M729

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing