Prezident barcha rahbarlarga pulni tejashni buyurdi
Jamiyat
−
27 Oktabr 11929 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha darajadagi rahbarlarni byudjet pullarini tejashga chaqirdi. Davlat rahbari topshirig‘icha, kelgusi yilda xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy mezon bo‘ladi. Bu haqda bugun, 27 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026 yil uchun mo‘ljallangan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yig‘ilishda so‘z borgan.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda kelgusi yil uchun asosiy rejalar ko‘rib chiqilgan.
Mutasaddilar kelgusi yilda o‘sish sur’atini 6,6 foiz darajasida ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 150 milliard dollardan oshirish, iqtisodiyotga barcha manbalardan kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish, inflyatsiyani 7 foizdan ortiq bo‘lmagan darajada saqlab qolish prognoz qilingani yuzasidan axborot bergan.
.jpg)
Prezident bu rejalarga erishish uchun barcha imkoniyat va sharoit mavjudligini ta’kidlab, har bir vazirlik, tarmoq va hudud rahbarlari jiddiy e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan muhim masalalarni ko‘rsatib o‘tgan.
2026 yilgi byudjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda byudjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etilgan.
Prezident ta’kidlaganidek, kelgusi yilda xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish barcha darajadagi rahbarlar uchun asosiy mezon bo‘ladi.
.jpg)
Bunda strategik tarmoqlarda tannarxni kamaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, davlat ishtirokidagi korxonalarning dividend siyosatini tartibga solish, subsidiya va imtiyozlarning natijadorligini tahlil qilib, samarasi past bo‘lganlarini bekor qilish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, tuman va shahar byudjetlarining daromadlarini ko‘paytirish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan.
Xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari ishtirokidagi loyihalarni jadallashtirish, bundan buyon mavjud loyihalarni oxiriga yetkazibgina yangi loyihalarga resurs jalb qilish tizimiga o‘tish zarurligi qayd etilgan.
.jpg)
Vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari jamg‘armalarida to‘plangan qoldiqning yarmini alohida jamg‘armaga o‘tkazish va ushbu mablag‘larni maktablar qurilishiga va tibbiyotga yo‘naltirish topshirilgan.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalardan kelib chiqib, 2026 yilgi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 oyi yakunida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi 72,2 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi 36,8 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 35,4 mlrd dollarga teng bo‘lgan. Davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunchilik bo‘yicha davlat qarzining eng yuqori miqdori YAIMga nisbatan 60 foizdan oshmasligi zarur. Hozirda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi miqdori YAIMga nisbatan 62 foizni, davlat qarzi esa YAIMga nisbatan 38 foizni tashkil etmoqda. Qayd etish joiz, 2024 yilning mos davrida mamlakat jami tashqi qarzi 56,6 mlrd dollar bo‘lgan. Shundan 31 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 25,6 mlrd dollari korporativ tashqi qarz.
Live
Barchasi