O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot banki aksiyalarini sotib oladi
Olam
−
18 Sentabr 2025 4960 2 daqiqa
O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankining 777 777 dona aksiyasini sotib oladi. Bu 16 sentyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bankning nominal qiymati 1000 dollar bo‘lgan 777 777 dona aksiyasini sotib oladi. Ulardan 168 411 tasi (21,7 foiz) pul to‘lanadigan aksiya va 609 366 tasi (78,3 foiz) talab bo‘yicha to‘lanadigan aksiyalar hisoblanadi.
To‘lovning umumiy summasi 168,411 million dollarni tashkil qiladi. Birinchi 10 million dollar 23 sentyabrgacha (qaror kuchga kirganidan bir hafta o‘tgach), qolgan mablag‘ 2026-2027 yillarda 79 million 205 ming 500 dollardan bo‘lib to‘lanishi kerak.
Joriy yil aprel oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishi haqidagi qonunni imzolagan edi. Qonunga ko‘ra, bank o‘z faoliyatini “xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, bank faoliyati tamoyillari va me’yorlari asosida” olib boradi.
Ma’lumot uchun, Yevroosiyo taraqqiyot banki xalqaro moliya instituti bo‘lib, unga a’zo mamlakatlarda iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va sarmoya kiritish orqali Yevroosiyo integratsiyasini rivojlantirish uchun mo‘ljallangan.
Bank 2006 yilning yanvar oyida Rossiya va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Olmaotada joylashgan. 2009 yilda Armaniston va Tojikiston, 2010 yilda Belarus, 2011 yilda Qirg‘iziston bank a’zosi bo‘ldi. Bankning Sankt-Peterburgda filiali va Ostona, Bishkek, Dushanbe, Yerevan, Minsk va Moskvada vakolatxonalari mavjud. Bankning ustav kapitali 7 milliard dollarni tashkil etadi: to‘langan kapital 1,5 milliard dollar va talab kapitali 5,5 milliard dollar.
Live
Barchasi