O‘zbekistonlik migrantlarga Sankt-Peterburgda kurerlik qilish ham taqiqlandi

Olam

image

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida patent bilan ishlovchi mehnat migrantlariga kurer sifatida ishlash ham taqiqlanadi. Bu haqda shahar gubernatori Aleksandr Beglovning joriy yilning 28 iyul kuni qabul qilingan “2025 yil Sankt-Peterburg hududida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan ayrim iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolarni jalb etishga taqiq o‘rnatish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Kecha, 11 avgust kuni ushbu qarorga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, Rossiyada patent asosida ishlovchi migrantlarga kurerlik qilishni taqiqlovchi band qo‘shilgan. Unga ko‘ra, yangi cheklovlar barcha turdagi transport vositalarida, jumladan, oziq-ovqat yetkazib berish xizmatiga ham taalluqli.

Qayd etilishicha, bu qaror yashirin bandlikka qarshi kurashish, kurerlik xizmatlari sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolari, avvalo yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Tadbirkorlarga yakuniy taqiq kuchga kirguniga qadar uch oylik moslashish davri beriladi.

Shahar hokimiyatining ta’kidlashicha, xorijlik kurerlar sektor bo‘yicha ishlayotganlarning juda kichik qismini tashkil etadi va bu chora yetkazib berish bozorining barqaror ishlashiga ta’sir qilmaydi. Ushbu qaror rasman e’lon qilinganidan, ya’ni joriy yilning 11 avgustidan 10 kun o‘tib kuchga kiradi va 2025 yil oxirigacha amal qiladi.

Qayd etish joiz, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasiga muvofiq, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyada patent yoki mehnat ruxsatnomasisiz ishlashi mumkin. Demak, ushbu taqiq, asosan, o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat migrantlariga taalluqli.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sankt-Peterburgda patent asosida ishlovchi mehnat migrantlariga, ya’ni, asosan, o‘zbekistonlik va tojikistonliklarga taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Sankt-Peterburg migrantlar kur'erlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing