Mubashshir Ahmadga nisbatan jinoyat ishi sudga oshirildi
3-sahifa
−
24 iyul 2025 9289 6 daqiqa
Diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tamomlanib, sudga oshirildi. Bu haqda uning advokati Ruslan Sodiqov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, 2023 yil 11 avgust kuni Shayxontohur tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Tergov bo‘limi tergovchisi tomonidan Jinoyat kodeksining 2443-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquqshunosning bildirishicha, ushbu qilmish jinoyat sifatida e’tirof etilishi uchun gumonlanayotgan shaxs oldin ayni shu harakat uchun ma’muriy jazoga tortilgan bo‘lishi kerak.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston qonunchiligida har qanday diniy mazmundagi material O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosidagina tayorlanishi, saqlanishi va tarqatilishi mumkinligi belgilangan. Ushbu qoida buzilishi dastlab ma’muriy jazo, undan keyin bir yil ichida takroran sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
“Mubashshir Ahmad domla “Azon tv” kanalida olib borgan diniy, ma’rifiy faoliyati davomida 2023 yilda Diniy qo‘mita xulosasini olmasdan diniy mazmundagi materialni ushbu kanal orqali tarqatganligi uchun ma’muriy jazoga tortilgan. 2023 yilda bu holat takroriy sodir qilingan deb topilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deb yozadi Sodiqov.
Shuningdek, advokat mijozi bu holatdan xabardor bo‘lmagani va Turkiya Respublikasida vaqtincha yashab yurgan davrda unga nisbatan qidiruv e’lon qilinganini bayon qilgan.
“Keyinchalik, 2023 yil 10 noyabr kuni Ustoz Mubashshir Ahmadga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llash haqida sudga iltimosnoma kiritilgan. Sudning ayni shu kungi ajrimi bilan iltimosnoma rad qilingan va ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz, munosib xulq atvordagi tilxat orqali ochiqda qoldirilgan hamda jinoyat ishi harakatdan to‘xtatilgan”, deydi advokat.
2025 yil 11 may kuni Mubashshir Ahmad ushlangan va unga nisbatan Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan. Advokatning yozishicha, mijozi ushlanishida va shu vaqt o‘ziga nisbatan o‘tkazilgan tergov harakatlari jarayonida o‘zi tomonidan yollangan himoyachilar xizmatidan foydalanishni talab qilgan, lekin talab bajarilmagani sababli, tergov harakatlariga oid hujjatlarni imzolashdan bosh tortgan.
“Himoyachilar tergovchiga ayni shu kuni bir necha marotaba aloqaga chiqqan va hatto qisqa xabarlar jo‘natgan, lekin tergovchi e’tiborsiz qoldirib, ustozga nisbatan ayblovni to‘ldirish va so‘roq qilish, qamoqqa olish haqidagi iltimosnoma kiritish harakatlarini davlat hisobidan ta’minlanadigan advokat xizmati yordamida davom ettirgan.
Mubashshir Ahmadga nisbatan ushbu qo‘yilgan ayblovga Telegram'dagi “Mubashshir Ahmad” nomli kanalga joylashtirilgan “Ulamolarning Isroilga qarshi jihod fatvosi nimani anglatadi?” nomli videodagi suhbat asos bo‘lgan. Lekin ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish haqidagi qarorda ayblov uchun faqat Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi, ya’ni materialning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilganini tasdiqlovchi dalil ko‘rsatilgan bo‘lib, jinoyatning zaruriy belgisi – uning maqsadini aks ettiruvchi belgilarga oid hech qanday ekspertiza xulosasi dalil sifatida e’tirof etilmagan”, deydi advokat.
Uning aytishicha, 2025 yil 14 may kuni jinoyat ishining dastlabki tergovi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan. Shu vaqt oralig‘ida Mubashshir Ahmad bilan uchrashishda bir oz qiyinchilik bo‘lgan.
“Tergovda dastlabki uchrashuvda ustoz “men Davlat xavfsizlik xizmatining tergov hibsxonasi haqida umuman boshqacha tasavvurda edim, bu yerda menga qilingan shart-sharoitlar, munosabat va ta’minotdan juda ko‘nglim to‘q, xotirjamman, buni ommaga ham yetkazish kerak ekan” dedilar. Shu bilan birga tergov guruhi boshlig‘i va tergovchilar tomonidan ustozga ulamo sifatida munosib chiroyli muomala va munosabatda bo‘lib, hech qanday ruhiy yoki jismoniy tazyiq o‘tkazilmadi va eng asosiysi ustozning faoliyatiga nisbatan keskin tanqidiy, ayblov nuqtai nazaridan yondashilmadi. Buni men ustozning ko‘p yillardan beri huquqiy masalalari bo‘yicha maslahatchi- advokati, ularga xayrixoh bo‘lgan shaxs sifatida aniq aytishim mumkin. Shu bilan birga, ustoz faoliyati davomida yaqin munosabatda bo‘lgan shaxslar tergovga chaqirilganda bergan savollar mazmunidan kelib chiqib, o‘sha odamlar ham tasdiqlashi mumkin”, deb yozadi himoyachi.
Uning aytishicha, tergov jarayonida Tursunovning “Azon Global” xalqaro mediakanali va ijtimoiy tarmoqdagi boshqa kanallaridagi materiallar tekshirilgan va natijada ularning faoliyatida O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, tinchlik va xavfsizlikka qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etilmagani o‘z tasdig‘ini topdi.
“Istisno sifatida Isroilning G‘azoda sodir etayotgan genotsidiga oid berilgan fikrlari va ba’zi boshqa holatlarga oid fikrlarida ekspertiza xulosasiga ko‘ra milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish jinoyati alomati aniqlanib, ayblov Jinoyat kodeksining 156-moddasi 2-qismi bilan to‘ldirildi. Modda sanksiyasiga ko‘ra, ushbu harakat uchun jazo uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan”, deydi advokat.
Shuningdek, himoyachi Alisher Tursunovning ayblovga nisbatan munosabatini ham keltirib o‘tgan. Uning aytishicha, Tursunov diniy mazmundagi materialni tarqatish uchun Turkiya Respublikasida faoliyat ko‘rsatgani sababli, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan xulosa olish zaruriyati yo‘q deb o‘ylagan, chunki hududiylik jihatidan media faoliyati xorijda bo‘lgani sababli e’tibor qilmagan.
“Himoya pozitsiyasiga to‘xtalganda, diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tarqatish jinoyati bo‘yicha ayblov yuzasidan amaldagi qonunchilikka zid bo‘lganligi bois, iqrorlik bildiramiz. Lekin Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan e’lon qilingan ayblov bo‘yicha fatvoga oid materialni tarqatishdan ko‘zlangan maqsad, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilmaganligi, xuddi shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatilmaganligi hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilmaganligi bilan bog‘liq e’tirozlarimiz bor. Shu borada sudda jinoyatning ushbu belgilariga oid xulosalar bo‘yicha ekspertlarga juda ko‘p savollarimiz bor. Shuningdek, milliy, etnik, irqiy va diniy adovat qo‘zg‘atishga oid jinoyat bo‘yicha ham ekspertiza xulosalari yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tortishuvchanlik va haqiqatni aniqlash prinsiplari ustuvorligi ta’minlanishi uchun qonuniy imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalanamiz”, deb yozdi advokat.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida Alisher Tursunov Istanbulning Bohchashehir mavzeidagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik, ijtimoiy tarmoqlarda Tursunov Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Alisher Tursunovni Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini rasman tasdiqlagandi.
Live
Barchasi