“Open budget”ning 2-mavsumi boshlandi

Jamiyat

image

Bugun, 15 iyuldan “Ochiq byudjet” portalida “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 2025-yilgi 2-mavsumi doirasida loyiha kiritish bosqichi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Jarayonlar quyidagi sanalarda:

  • Loyiha kiritish bosqichi – 15 iyul – 3 avgust;
  • Saralash bosqichi – 4–18 avgust
  • Targ‘ibot bosqichi – 19–21 avgust;
  • Ovoz berish bosqichi – 22–31 avgust kunlari o‘tkaziladi.

“O‘z hududingizdagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha tashabbus ko‘rsating, faol bo‘ling”, deyiladi xabarda.

Joriy yildagi 2-mavsum g‘oliblari 1 sentyabr – Mustaqillik bayrami kuni e’lon qilinadi.

Qayd etilishicha, “Tashabbusli byudjet”ning 2024 yilgi 2-mavsumi hamda 2025 yilning 1-mavsumida (ikkata mavsumda ketma-ket)  g‘olib bo‘lgan 823 ta mahallaga joriy yilning 2-mavsumi hamda 2026-yilning 1-mavsumida tanaffus beriladi.

Mazkur mahallalar (shuningdek, ushbu mahallalarda joylashgan maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlar) navbatdagi ikki mavsum doirasida o‘z loyihalari bilan ishtirok eta olmaydi.

Tanaffus beriladigan mahallalarning to‘liq ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: ro‘yxat.

G‘oliblar ro‘yxatiga aniqlik kiritilgan hollarda har mavsum boshlanishidan avval tanaffus berilayotgan mahallalar ro‘yxati Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy sahifalari hamda “Ochiq byudjet” portalida e’lon qilib boriladi.

Ma’lumot uchun: Namangan shahar – “Dashtbog‘",  Kogon shahri – “Nurafshon”  va  Shumanay tumani – “Begjap” mahallalarining 2025 yil 1-mavsumdagi loyihalari rad etilgani sababli ushbu mahallalarga tanaffus berilmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Tashabbusli byudjet Open budget Ochiq byudjet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing