Makron Starmerga Falastinni tan olish borasida bosim o‘tkazmoqda – OAV

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerni Falastinni davlat sifatida tezda tan olishga majburlamoqchi. Bu haqda Britaniya hukumatidagi manbaga tayanib, “The Daily Telegraph” gazetasi xabar berdi.

“Fransuzlar bizni Falastinni tan olish masalasiga qaytarishga harakat qilmoqda. Bunday qadam tashlash mumkin, qachonki bu orqali nimagadir erishaman deb o‘ylaganingizda, lekin shunchaki “biz buni qildik” deyish uchun emas”, deydi nashr manbasi.

Qayd etilishicha, Fransiya yetakchisining 8-10 iyul kunlari Buyuk Britaniyaga uch kunlik tashrifi doirasida Makron va Starmer o‘rtasidagi uchrashuvda Falastin masalasi muhokama qilinadi. Gazeta ta’kidlaganidek, tomonlar o‘rtasida Falastinni tan olish muddati borasida kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Nashrning yozishicha, Makron Falastin davlatchiligining imkon qadar tezroq tan olinishi tarafdori.

“Biz [Falastin-Isroil mojarosini] ikki davlatning yonma-yon yashashi tamoyiliga asoslangan, ham isroilliklar, ham falastinliklar uchun xavfsizlik va barqarorlikni kafolatlaydigan yechim tarafdorimiz. Bizning uzoq yillik pozitsiyamiz shundan iboratki, biz Falastin davlatini tinchlik jarayoni uchun eng qulay vaqtda tan olamiz”, deyiladi Britaniya Tashqi ishlar vazirligining matbuot nashrlarini sharhida.

“The Daily Telegraph” nashrining yozishicha, London Falastinning tan olinishi shunchaki ramziy qadam bo‘lishini istaydi. Shu munosabat bilan, Britaniya tomoniga ko‘ra, bu masalani HAMAS harakatining o‘zaro yon berishi bilan bog‘lash kerak. Xususan, qirollik hukumati HAMASdan qurollarini tashlashni va Isroilning harbiy harakatlaridan keyin Falastinni tiklash vaqtida unga rahbarlik qilmaslikka rozi bo‘lishni talab qilishi mumkin.

Gazetaning ta’kidlashicha, Makron tashrifining asosiy natijasi Buyuk Britaniya va Fransiya o‘rtasida migrantlarni “birga-bir” tamoyili asosida chiqarib yuborish bo‘yicha kelishuv e’lon qilinishi bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, qirollik ingliz kanalini qayiqlarda kesib o‘tgan noqonuniy muhojirlarni Fransiya hududiga qaytaradi va buning evaziga Fransiyadan boshpana izlovchilarni olib ketadi.

Bundan tashqari, tomonlar atom energetikasi sohasida qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvni e’lon qilishlari mumkin. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Makron va Starmer, shuningdek, mojaro tugaganidan so‘ng Ukrainaga “ko‘ngillilar koalitsiyasi” qo‘shinlarini yuborish masalasini muhokama qilishda davom etadi.

Davlat tashrifi davomida Fransiya Prezidentini Vindzor qasrida Buyuk Britaniya qiroli Charlz III va uning rafiqasi Kamilla qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Makron Saudiya Arabistoni bilan birga 17-20 iyun kunlari BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Isroil-Falastin mojarosini ikki davlat tamoyili asosida hal etishga qaratilgan global sa’y-harakatlarni ilgari surish maqsadida yuqori darajadagi konferensiya tashkil qilishi kerak edi. Biroq 13 iyun kuni Isroil va Eron o‘rtasida qurolli to‘qnashuv boshlanishi fonida Fransiya Prezidenti konferensiya “logistika va xavfsizlik” tufayli qoldirilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Emmanuel' Makron Falastin Kir Starmerni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing