Afg‘onistondagi jangarilar qo‘shni davlatlarga kirishi mumkin – Belousov

Olam

image

Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousovning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyodagi asosiy xavf – Afg‘oniston hududida faoliyat ko‘rsatayotgan radikal qurollangan guruhlarning qo‘shni davlatlar hududiga kirib borishi sanaladi. Bu haqda Mudofaa vaziri kecha, 28 may kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining yig‘ilishida so‘z ochdi.

Belousovning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 20 dan ortiq bunday guruhlar mavjud bo‘lib, ulardagi jangarilarning umumiy soni 15 mingdan ziyod kishini tashkil etadi.

“Radikal guruhlar qo‘shni davlatlarga kirib borishi va keyinchalik infiltratsiya xavfi ortishi mumkin. Yaqin Sharqdagi beqarorlik mintaqaga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va bu mintaqada qurolli to‘qnashuvlarda qatnashayotgan xorijiy jangarilar nafaqat Afg‘onistonga, balki Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga ham tarqalmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Belousov.

Qayd etish joiz, Rossiya Mudofaa vaziri o‘z navbatida Bishkekda Qirg‘iziston Mudofaa vaziri Ruslan Mukambetov bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Uchrashuv chog‘ida Belousov mintaqada xavf-xatarlar ortib borayotganini ta’kidlab, Rossiya va Qirg‘iziston bunga birgalikda munosib javob berishi lozimligini aytgan. Shuningdek, u ikki davlatni nafaqat ittifoqchilik, balki umumiy tarix ham birlashtirib turishini eslatib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 aprel kuni Rossiya Oliy sudi Bosh prokurorning Rossiyada “Tolibon” harakati faoliyatini taqiqlashni to‘xtatib turish haqidagi ma’muriy da’vosini qanoatlantirgandi. Hujjat 2024 yil dekabrida kuchga kirgan, terrorchilik ro‘yxatiga kiritilgan tashkilotlar faoliyatini taqiqlashni vaqtinchalik to‘xtatib turish imkonini beruvchi huquqiy norma bo‘yicha qabul qilingan birinchi qaror bo‘lgan.

Hasanboy Ikromboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing