Polsha Rossiyadagi yana bir konsulxonasini yopadi
Olam
−
12 may 3057 2 daqiqa
Polsha hukumati Rossiyaning Krakov shahridagi bosh konsulxonasini yopish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda bugun, 12 may kuni Polsha Tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ma’lum qildi.
Vazirga ko‘ra, Polsha Rossiyaning Krakovdagi konsulxonasiga faoliyat yuritish uchun berilgan rozilikni qaytarib olgan, sababi esa – Moskvaning Varshavada 2024 yil may oyida sodir bo‘lgan yirik yong‘in uchun javobgarligi isbotlangani bilan bog‘liq.
Ma’lum qilinishicha, bu Polshaning birinchi marta Rossiya konsulxonasini yopishi emas. Polsha hukumati mamlakatning Poznan shahrida joylashgan Rossiya bosh konsulxonasini yopgan edi. O‘shanda Tashqi ishlar vaziri buni Rossiyaning Polsha hududidagi ehtimoliy diversiyalariga aloqasi bilan izohlagan va boshqa Rossiya konsulxonalari ham “agar sabotaj harakatlari davom etsa”, yopilishi mumkinligini aytgan edi.
Shuningdek, 2025 yil yanvar oyida Sankt-Peterburgdagi Polsha bosh konsulxonasi o‘z faoliyatini rasmiy ravishda to‘xtatgan, bunga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi “o‘zaro tenglik tamoyili” asosida izoh bergan.
Hozirda Polshada faqat Gdansk shahrida Rossiya bosh konsulxonasi va Varshavada elchixonasi faoliyat yuritmoqda.
Savdo markazidagi katta yong‘in
2024 yil 12 may kuni Varshavadagi Marywilska 44 savdo markazida yirik yong‘in yuz berdi. Polsha yong‘in xavfsizligi xizmatining ma’lum qilishicha, yong‘in bir vaqtning o‘zida bir nechta joyda boshlangan va tezlik bilan butun binoni qamrab olgan. Bino qisman qulab tushgan. Yaxshiyamki, jabrlanganlar bo‘lmagan, biroq hukumat ma’lumotiga ko‘ra, 1400 dan ortiq do‘kon va xizmat ko‘rsatish korxonasi joylashgan hudud butunlay yonib ketgan.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk hodisadan so‘ng Rossiyaning bu yong‘inga aloqasi bor-yo‘qligini tergov qilish niyatida ekanini bildirgan.
Shu yong‘in ortidan Polsha Adliya vaziri Adam Bodnar va Ichki ishlar vaziri Tomasz Semonyak qo‘shma bayonot berib, yong‘in Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan buyurtma qilingani oqibatida sodir bo‘lganini e’lon qildi. Ularning aytishicha, yong‘inni uyushtirganlarning shaxsi aniqlangan, ayrimlari qo‘lga olingan, boshqalari esa xalqaro qidiruvga berilgan.
Rossiya javob qaytarmoqchi
Ushbu qarordan so‘ng Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova Polshani “ikki tomonlama munosabatlarni ataylab yomonlashtirishda” ayblagan va “munosib javob” berilishini ma’lum qilgan.
Rossiya bunday ayblovlarni mutlaqo rad etmoqda. Kreml bayonotiga ko‘ra, “Rossiya g‘arb davlatlarida diversion faoliyat olib borish uchun xorij fuqarolarini yollayotgani” haqidagi da’volar asosga ega emas va ikki o‘rtada munosabatlar buzilishiga qaratilgan.
Live
Barchasi