Rossiya Xitoy uchun gaz narxini pasaytirmoqchi

Olam

image

Rossiya hukumati Xitoy uchun beriladigan gaz narxini yanada pasaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiyaning Iqtisodiy rivojlanish vazirligi prognoziga tayanib, “The Moscow Times” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Xitoy 2024 yilda “Sibir kuchi” quvuri orqali yetkazib berilgan ming kub metr gaz uchun 267,6 dollar to‘lagan. Narx Yevropa va Turkiya tomonidan to‘langan narxdan 30 foizga (ming kub uchun 376,9 dollar) past.

2025 yilda “Gazprom” gazining narxi Xitoy uchun 247,3 dollargacha pasaygan, yevropalik va turkiyalik xaridorlar uchun esa, aksincha, ming kub metr uchun 403 dollargacha ko‘tarilgan. Shunday qilib, chegirma 39 foizga yetgan va ming kub metr uchun 150 dollardan oshgan.

“2026 yilda hukumat Xitoy uchun gaz narxini yana biroz pasaytirishni rejalashtirmoqda – ming kub uchun 241,8 dollargacha”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, gaz eksport narxining pasayishi va neft narxlarining keskin tushishi Rossiya iqtisodiyotining valyuta tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, joriy yilda uglevodorodlar eksportidan kutilgan 236 milliard dollar o‘rniga 200 milliard dollar daromad olinishi, 2026 yilda esa valyuta tushumi dastlabki prognozdan 9 milliard dollarga kam bo‘lishi kutilmoqda.

O‘tgan yili “Gazprom” Xitoyga 31 milliard kub metr gaz eksport qilgan. “Gazprom”ning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yilda kompaniya byudjetidagi umumiy kamomat 15 trillion rublni (joriy kurs bo‘yicha qariyb 179 milliard dollar) tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy savdo urushi kuchaygani sababli AQSHdan suyultirilgan gaz importini to‘liq to‘xtatgani haqida xabar berilgandi.  Amerikaning oxirgi suyultirilgan gaz partiyasi joriy yilning 6 fevral kuni Xitoyning Futszyan provinsiyasiga yetib borgan.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Rossiya Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing