“Yana qancha qon to‘kilishi kerak?” HAMAS chaqiruv bilan chiqdi

Olam

image

Falastinning HAMAS harakati yetakchilaridan biri G‘azo sektorida qurbonlar soni ortib borayotgani fonida arab dunyosini qat’iy pozitsiyada turishga chaqirdi. Bu haqda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyga tayanib, CNN xabar bermoqda.

"G‘azabga minishingiz va buyuk tarixni himoya qilishingiz uchun yana qancha g‘azolik bolalar, ayollar va keksalarning qoni to‘kilishi kerak?", degan u.

HAMAS vakili, shuningdek, AQSHning Isroilga moyilligi G‘arb davlatlari va musulmon aholi o‘rtasida “devor qurgan” va bu devor hech qachon buzilmasligini ta’kidlagan.

“Falastinliklar xavfsizlik, erkinlik va suverenitetdan bahramand bo‘lmaguncha Isroil hech qachon xavfsiz bo‘lmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Xoniy.

Avvalroq, G‘azo sektoridagi shifokorlar Falastin-Isroil mojarosi avj olgani sababli yaralangan tinch aholini anesteziya (og‘riqsizlantirish) qilmasdan operatsiya qilishga majbur bo‘layotgani haqida xabar berilgan edi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Isroil XAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made