Norboyeva BMTning YHX bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisi Tanzila Norboyeva BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha maxsus vakili Jan Todt bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligi masalalari, shuningdek bu sohadagi hamkorlik qilish, shu jumladan O‘zbekistonning yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha BMT asosiy konvensiyalariga qo‘shilishi va ularni amalga oshirishi istiqbollari muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, yo‘l harakati xavfsizligi muammosi taraqqiyotning global muammolaridan biri hisoblanadi. Bu muammo har yili 1,35 mln. kishining hayotiga zomin bo‘lib, 50 mln. kishining turli darajada jiddiy jarohat olishiga sabab bo‘lmoqda. Yo‘l-transport jarohati bolalar va yoshlar orasida o‘limning asosiy sababi hisoblanadi, katta ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarga olib keladi, buning natijasida ko‘pchilik mamlakatlarda iqtisodiy zarar YAIMning 5 foizigacha yetadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2018 yildagi Global hisobotida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston yo‘l xavfsizligi sohasidagi ishlar holati bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi: 100 ming kishiga yo‘l-transport hodisasi tufayli halok bo‘lgan 11,5 kishi to‘g‘ri keladi.

Tomonlar qayd etganlaridek, O‘zbekiston BMTning yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha to‘rtta konvensiyasi ishtirokchisi hisoblanadi. Ushbu konvensiyalar mamlakatning ishonchli normativ-huquqiy bazasini va yo‘l harakati xavfsizligining kompleks milliy tizimlarini yaratishda o‘z samaradorligini isbotladi.

Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibining Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekiston hukumatini yo‘l harakati xavfsizligi ko‘rsatkichlarini yaxshilashda qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi, shuningdek O‘zbekistonni BMTning bu sohadagi yana bir qator asosiy konvensiyalariga qo‘shilishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishiga chaqirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar bu sohadagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Senat BMT Jan Todt

Baholaganlar

2

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing