O‘zbekistonda pedofillar o‘ylaganimizdan ancha ko‘p

Intervyu

Ota-onamiz yoki biron yaqinimiz bilan suhbatlasharkanmiz, umrining eng yorqin pallalari haqida so‘ralganda darhol bolalik xotiralarini esga olishadi. Ularning orasida esa ushbu yillarga – podsholigim, beg‘uborligim, umrimning asl lazzatini his etgan chog‘larim, deya ta’rif beradiganlari ham topiladi. Bu mavzu xususida gap ochar ekanmiz, o‘z-o‘zidan bir savol tug‘iladi: bugungi kun o‘zbek bolalari qanchalik baxtli? 

Bu savolga javob kimda allaqachon tayyor, kimningdir topishi uchun esa biroz vaqt kerak. Lekin yuqori qavatlardan uloqtirilayotgan, anhorlarga tashlab yuborilayotgan, ko‘zyoshlari ijtimoiy tarmoqlarni portlayotgan bolalarning baxtliligi haqida so‘z ochishning o‘zi shubhali. Xo‘sh, bugungi kun o‘zbek yoshlarini baxtli qilish uchun kim, qayerda, qachon va qanday harakat qilyapti? Shu va shu kabi savollar bilan QALAMPIR UZ muxbiri Firdavs Zavqiyev Xalqaro bolalar huquqlarini himoya qilish tashkiloti UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakili Munir Mammadzadega yuzlandi. Suhbat mobaynida tarmoqlarda ta’limdagi tabaqalanish deya baholanayotgan prezident maktablari tizimi, ota-onalar tomonidan huquqlari toptalayotgan bolalar bilan birgalikda ota-onalikka layoqatlilikni baholovchi test tizimi joriy etish va davlat bolalarning to‘liq vasiyligini olishi kerak yoki yo‘qligi xususida ham mutaxassis fikri bilan qiziqdik:

“UNICEF uchun har doim eng muhim maqsadlardan biri bo‘lib kelgan va bizni tashvishga solib kelgan narsa – bu har bir jamiyatning eng kambag‘al va quyi qatlamlari uchun ham sifatli ta’limni kafolatlash. Albatta, biz ta’lim islohoti va barcha yoshlar uchun ta’lim natijalari haqida ko‘p gaplashamiz. Ammo biz targ‘ib qilayotgan va hukumat bilan ishlayotgan narsalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, asosan, biz aytib o‘tgan tenglikdagi bo‘shliq tobora kamayib borayotganiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Prezident maktablari namuna sifatida tashkil etilgan. Shunday qilib, qolgan xalq ta’limi tizimi ham infratuzilma nuqtai nazaridan o‘xshash natijalarga erishishga intilmoqda. Lekin eng muhimi, menimcha, bitiruv marosimida kim qatnashgani yoki unga qancha pul sarflangani emas, balki bizning UNICEF uchun eng muhimi – maktab o‘quvchilariga nima taklif qilayotganimiz. Va yana shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonda prezident maktablari yoki davlat maktablari va xususiy maktablar o‘rtasidagi tafovut katta emas. Barcha yoshlar ta’lim tizimida yutuqlarga erishish uchun teng imkoniyatlarga ega”, deydi UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakili muxbirning umumiy o‘rta ta’lim maktablari va prezident maktablari o‘rtasidagi yaqqol ko‘zga tashlanuvchi farq yuzasidan bergan savoliga.

O‘zbek oilalarida keng tarqalgan tarbiyada zo‘ravonlik ham yosh avlod psixologiyasiga ijobiy ta’sir o‘tkazmasligi oshkora haqiqatdir. So‘nggi vaqtlarda farzandlariga nisbatan ochiq zo‘ravonlik tasvirlar ota-onalarning shaxsan o‘zari tomonidan tarmoqlarga sizdirilayotgani esa fuqarolarning ma’lum qismi nafaqat bola tarbiya qilish uchun, balki ota-onalik va oila qurish uchun ham layoqatli emasligini yaqqol ko‘rsatadi.

Xususan, statistika ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekistonda bolalarning 21 foizi og‘ir mehnat bilan shug‘ullanadi. Ayon haqiqatki, maktabdan bo‘sh vaqtlarida na biron fan to‘garagiga, na sport klubiga qatnashish uchun vaqt tugul quvvati ham qolmaydigan bu bolalarning o‘zlashtirishlarida ham salbiy o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. Tengdoshlariga nisbatan har jabhada ortda qolishlari hamda doimiy stress ularning kelajakda mustaqil shaxs sifatida shakllanishiga jiddiy to‘siq bo‘ladi.

“Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar O‘zbekistonda bolalarning 21 foizi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanayotganini aniqladi. Bolalar mehnatiga qarshi kurash bo‘yicha bunday tizimli ishlar va ijobiy natijalarni ko‘rib turib, O‘zbekiston hukumati tomonidan ko‘rilgan sa’y-harakatlarni e’tirof etishimiz kerak. Bu masalada O‘zbekistonga berilayotgan global baho ham buni tasdiqlaydi. Menimcha, bolalarni mehnat va xo‘jalik faoliyatiga jalb etishning boshqa shakllarini ko‘proq o‘rganish, u yerda ham nima qilish mumkinligini ko‘rib chiqish vaqti keldi. Mehnat turlari bolalarning ta’lim olish uchun sarflanadigan vaqtini yoki sog‘lig‘ini o‘g‘irlar ekan, biz buni zararli deb hisoblashimiz mumkin va buning oldini olish uchun alohida bir tizim ishlab chiqishimiz kerak. Avvalo, ota-onalar buni tushunishlari kerak, biz ota-onalik haqida gaplashdik, chunki, davlat to‘liq jarayonni nazorat qila olmaydi, biz har bir oilaga politsiyachilarni tayinlay olmaymiz. Ota-onalar bolaning manfaatlariga mos kelmaydigan va uning rivojlanishi uchun zararli bo‘lgan narsalarni tushunishlari kerak”, deydi Munir Mammadzade bolalar mehnati haqida gapira turib.

Intervyuning to‘liq shaklini QALAMPIR UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Firdavs Zavqiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

pedofillar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing