O‘zbekistonda hali ham “Quramax Medikal” kompaniyasining dorilari sotilayotgani aniqlandi

Salomatlik

image

O‘zbekistondagi ayrim dorixonalarda “Quramax Medikal” kompaniyasi olib kirgan dori-darmonlar hamon sotilayotgani aniqlandi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan dorixonalarda taqiqlangan dori vositalarining sotilishini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazilgan.

“2023 yilning 26-27 yanvar kunlari “Yuksalish” umummilliy harakati respublikamiz hududlaridagi dorixonalarda taqiqlangan dori vositalarining sotilishini o‘rganish maqsadida monitoring o‘tkazdi. “Sirli mijoz” ko‘rinishidagi monitoring O‘zbekiston bo‘ylab 308 ta dorixonani qamrab oldi.

Natijada hududlarda dorixona xodimlari taqiqlangan dori vositalari sotilmasligi haqida xabardor qilingani ma’lum bo‘ldi. Iste’molchilar huquqlarini ximoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, patronaj xizmatlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda, sotuvdan chiqarilgan dori vositalari ro‘yxati tarqatilmoqda. Aksariyat dorixonalarda taqiqlangan dori vositalari sotuvdan olib qo‘yilgan, biroq omborlarda hamon saqlanayotgani aniqlandi”, deyiladi “Yuksalish”ning tahliliy maqolasida.

Monitoringdan ma’lum bo‘lishicha, ayrim dorixonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sotuvi to‘xtatilgan dori vositalari erkin sotuvda mavjud. Xususan, Qashqadaryo viloyati (Qarshi shahri) va Surxondaryo viloyatining ayrim dorixonalarida (Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Surxon Markaziy”, “Do‘stlik” mahallalarida) Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Nolgripp Junior” yo‘talga qarshi siropi, “Travamaks”, “Nolgripp” va “Sinepar” tabletkalari va pastillari dorixona rastalarida mavjudligi aniqlangan.

Eng ajablanarlisi, aholi ham ushbu dori-darmonlarni yuz bergan fojiali holatlar, sog‘liq va hayot uchun ehtimoliy xavflarga qaramay, avvalgidek sotib olayotgani kuzatilgan.

“Shu munosabat bilan “Yuksalish” umummilliy harakati quyidagilarga chaqiradi:
birinchidan, aholi, ayniqsa, chekka qishloqlar, poliklinikalar o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini o‘tkazish;
ikkinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi to‘xtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan dori vositalari ro‘yxatini barcha dorixonalarning ko‘rinadigan joyiga joylashtirish;
uchinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan savdosi to‘xtatilgan va sud tomonidan taqiqlangan, lekin  omborlarda saqlanayotgan barcha dorilarni, tadbirkorlarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalasini ko‘rib chiqqan holda, yo‘q qilinishini ta’minlash kerak”, degan “Yuksalish” umummilliy harakati.

Shuningdek, harakat monitoring natijalari bo‘yicha materiallar (dorixonalar manzillari, cheklar) chora ko‘rilishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga taqdim etilganini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dori ishlab chiqaruvchilarni xomashyo va tayyorlash jarayoni sifatini nazorat qilishni kuchaytirish, hukumatlarni bozorlarda sifatsiz va qalbaki dori vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishni aytib, murojaat bilan chiqqan edi.

Murojaatda tashkilot so‘nggi to‘rt oy davomida 7 ta davlat, shu jumladan O‘zbekiston dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG)ning yuqori konsentratsiyalari bilan ifloslangani tasdiqlangan yoki shubha qilingan bolalar uchun retseptsiz beriladigan yo‘talga qarshi siroplardan foydalanishning bir necha holatlari haqida xabar bergan. Bular sanoat erituvchilar va antifrizlar sifatida ishlatiladigan zaharli kimyoviy moddalardir. Ular oz miqdorda ham o‘limga olib kelishi mumkinligi va dori-darmonlar tarkibida bo‘lmasligi kerakligi uqtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Quramax Medikal” kompaniyasining O‘zbekistonda farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi sud tartibida bekor qilingan edi.

Unga ko‘ra, Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy teznika ekspertizasi Davlat markazi tomonidan “Quramax Medikal” kompaniyasining barcha dori vositalarini muomaladan chiqarib tashlash va ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi da’vo talabi to‘liq qanoatlantirilgan edi.
Natijada Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022 yilda “Quramax Medical” tomonidan olib kirilgan barcha dori vositalari sotuvini to‘xtatdi.

Bular 36 turdagi dorilar bo‘lib, ular ichiga “Dok-1 Maks”, “Nolgripp” siroplari, “Travamaks” tabletkalari va eritma uchun granulalari kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Yuksalish Dok-1 Maks “Quramax Medikal”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made