Ukrainadagi urushda o‘lgan o‘zbeklarni yashirish siyosat darajasiga chiqdi – ekspert 

Intervyu

Avval xabar berganimizdek, Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg hokimiyati muhojirlarni shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb qiladigan bo‘ldi. Bu haqda gubernator o‘rinbosari Valeriy Pikalyov buyruq imzolagan va mamlakatning boshqa hududlari ham tez orada Sank-Peterburg tajribasini takrorlashi mumkin.

Manbaga ko‘ra, hokimiyat vakillari 15 aprelga qadar shahardagi diaspora yetakchilari bilan xorijiy fuqarolarni harbiy xizmatga jalb qilish uchun uchrashuv o‘tkazishi kerak. 
Bu xabar e’lon qilinishi va ommaviy axborot vositalarida shov-shuv ko‘tarilishi ortidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonlik muhojirlarni ogohlantirdi.

“Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi da’vatlarga ergashmaslikni, ziddiyatli hududlarga bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘raymiz”, degan agentlik.

Xo‘sh, norasmiy manbalarga ko‘ra, 3-4 million fuqarosi aynan Rossiyada ishlovchi O‘zbekiston qachon ogohlantirishlardan jiddiyroq choralarni amalga oshirishga o‘tadi?

Bugungi kunda Rossiyada ishlab kelayotgan vatandoshlarning ahvoli qanday?

QALAMPIR.UZ mazkur mavzuni migratsiya bo‘yicha mutaxassis, yurist Botirjon Shermuhammad bilan muhokama qildi va yuqoridagi savollar yuzasidan uning fikrlarini eshitdi.

“2017 yilda Rossiya fuqaroligini olganlarni harbiy ro‘yxatda turibdimi-yo‘qmi, shuni aniqlashtirish topshirig‘i berilgan. Shu sababli muhojirlar ham harbiy xizmatga targ‘ib qilinadi. Chunki hozir Rossiya qonunchiligi bunga ruxsat beradi. Rossiya aslida barchaga teng munosabatda bo‘lishi kerak. Odamlarning qachon fuqarolikni olgani, tug‘ilganidan boshlabmi yoki keyinmi, 2017 yildami buning farqi yo‘q bo‘lishi kerak. Lekin afsuski, yaqinda fuqarolikni olganlar xuddi buni “halollab olsin”, degan ma’noda birinchi navbatda ular jalb etilyapti. Bundan tashqari, boshqa muhojirlarni ham harbiy xizmatga jalb qilish, targ‘ib qilish masalalari ko‘zda tutilyapti”, dedi mutaxassis.

Botirjon Shermuhammadning aytishicha, bu targ‘ibot frontdagi ahvolning yaxshi emasligi, urush uchun odamlar yetishmasligi bilan bog‘liq. U o‘zining bu fikrini dalillar ekan, Rossiyada 2022 yilda e’lon qilingan safarbarlik ortidan 300 mingdan ortiq rus fuqarolari harbiy xizmatga jalb etilganini eslatdi.

“Shu bilan boshqa bunday chaqiruvlar bo‘lmasligi rasman aytildi. Lekin kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, yashirin tarzda safarbarlik davom etmoqda, ya’ni hozirgi kunda ham Rossiya o‘z fuqarolarini urushga jalb etyapti. Natijada ko‘plab fuqarolar Rossiyani hali-hanuz tark etmoqda. Masalan O‘zbekistonning o‘ziga ham 2022 yilning 9 oyi davomida 390 mingdan ortiq rossiyaliklar kelgan. O‘zbekistondan tashqari yana Turkiya va boshqa mamlakatlarga ham juda ko‘p fuqarolar chiqib ketgan”, deya o‘z mulohazalarini bildirdi Botirjon Shermuhammad. 

Bundan tashqari, mutaxassis bugungi kunda Rossiyaning 1 milliondan ortiq armiyasi borligi, biroq, negadir amaldagi armiya urushga jalb etilmayotgani va faqat kuchsiz, yetarli tajriba va malakaga ega bo‘lmagan fuqarolar urushga jo‘natilmoqda va halok bo‘lmoqda. Ammo shunda ham rus hukumati fuqarolar va muhojirlarni urushga jalb etish uchun “jozibali” va o‘ta xavfli takliflarini ilgari surmoqda.

“Kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, afsuski, qamoqxonalardan va xususiy harbiy korxonalar orqali jalb etilayotgan askarlar katta miqdorda va tezlik bilan talofot ko‘rmoqda. Ya’ni, ularning 90% urushga borganining dastlabki oyidayoq halok bo‘lmoqda”, deydi u.

Rossiyaning muhojirlarni harbiy xizmatga jalb etayotgani, ayniqsa, O‘zbekiston uchun juda tashvishli xabar bo‘lib, bu ko‘plab salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

“Nafaqat olib keladi, olib kelyapti ham. Mana hozirgi kunda bir qancha o‘zbekistonliklarning urushdan jasadi kelgan. Bu ijtimoiy tarmoqlarga ham chiqdi. Shaxsan bizga murojaat qilganlar ham bor. Lekin bu yashirilyapti va yashirish hukumat siyosati darajasigacha chiqdi. Davlat buni rasman e’lon qilmayapti, davlat ommaviy axborot vositalari Rossiya-Ukraina urushi haqida hech narsa demayapti. Urush haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmay frontga borayotgan va vafot etgan o‘zbeklarning yaqinlaridan intervyu olishga, fikrlarini bilishga qiziqqanimizda ularga imkon berishmaydi. Mahalliy hukumat organlari, ichki ishlar bo‘limlaridan borib, ularning og‘zini yopishga, hech kimga intervyu bermaslikka majburlash kabi harakatlar bor”, deb tushuntirdi migratsiya mutaxassisi.

Botirjon Shermuhammad bir necha bor urushdan o‘ligi kelgan o‘zbeklarning yaqinlaridan intervyu olishga, shu orqali odamlarni ogohlikka chaqirishga uringani, lekin bu borada to‘siqlar borligi, imkon yo‘q ekanini aytib berdi.

Mutaxassisning mavzuga oid to‘liq fikrlari bilan QALAMPIR.UZ’ning YouTube sahifasida e’lon qilingan videointervyu orqali tanishishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrant Ukrainadagi urush tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing