O‘zbekistonda favqulodda holatu, hukumat buni rasmiy tasdiqlamayaptimi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish va unga qarshi kurash doirasida karantin choralari qo‘llanildi. Mana shu tadbirlar ayrim fuqarolar nazarida favqulodda holat choralari sifatida qabul qilinib, go‘yoki mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan, ammo bu rasmiy tasdiqlanmayapti, degan xayollarni keltirib chiqarmoqda. Aslida-chi?

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 19-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti favqulodda vaziyatlar, xususan, epidemiya holati yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi.

Favqulodda holat rejimi joriy etilganda, harakatlanish erkinligiga, transport vositalari harakatiga nisbatan cheklovlar o‘rnatiladi, ularni tekshirish kuchaytiriladi, eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini sotish, xarid qilish va taqsimlashning, jamoatchilik tartibini saqlashning alohida tartibi o‘rnatiladi va boshqa cheklovlar kuchaytiriladi. 

"Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq, odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat favqulodda vaziyat, deb ataladi.

Hukumatning “Texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarning tasnifi to‘g‘risida”gi Qarorida epidemiya – alohida xavfli infeksiyalarga tegishli bo‘lmagan, yuqish manbai bitta yoki yuqish omili bir xil bo‘lgan odamlarning guruh bo‘lib yuqumli kasallanishini tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarga taalluqli deb belgilangan. Vazirlar Mahkamasi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda asosiy davlat organi hisoblanadi. 

Qonunchilikda epidemiya yuz berganda favqulodda holat, favqulodda vaziyat yoki cheklovchi tadbirlar (karantin)ni joriy qilish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda yuqoridagi tartiblardan nisbatan eng yumshog‘i – cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etildi. Karantinning joriy etilishi mamlakatning amaldagi qonunchiligiga mos keladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. 15 aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 1214 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 99 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

229

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing