G‘aniyev Qirg‘izistonning Botken viloyati gubernatori bilan uchrashdi

Jamiyat

image
So‘x-Rishton yo‘li ochilishiga yo‘l qo‘ymaymiz – Qirg‘iziston deputati north_east

So‘x-Rishton yo‘li ochilishiga yo‘l qo‘ymaymiz – Qirg‘iziston deputati

Bugun, 9 iyun kuni Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyatida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Botken viloyati gubernatori Alisher Abdurahmonovlar boshchiligida chegara qo‘shinlari, xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, bojxona boshqarmalarining boshliqlari hamda viloyat prokurorlari, Qirg‘iziston Respublikasi hukumati a’zolari ishtirokida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan o‘zaro do‘stona, strategik hamkorlik kelishuvlari o‘z kuchida qolishi va bundan buyon ham unda belgilangan vazifalar ijrosi izchil ravishda amalga oshirilishi ta’kidlandi.

100%

O‘z navbatida transchegaraviy suv resurslaridan hamda yaylovlardan foydalanishda amaldagi qonunchilik me’yorlaridan tashqari bag‘rikenglik va azaliy do‘stona munosabatlarga asoslanishi aytib o‘tildi.

Qirg‘iziston delegatsiyasi a’zolari ular tomonidan mamlakat hududidan anklav So‘x tumani hamda Shohimardon va Yordon qishloqlariga aholining erkin borib-kelishida hech qanday to‘siq yoki muammolar bo‘lmasligini, bu hududlarga oziq-ovqat, xalq iste’moli va qurilish mollari yetkazuvchi yuk mashinalarining harakati aslo chegaralanmasligini alohida urg‘uladi.

“Muzokaralar chog‘ida har ikki tomon vakillari yaqinda bo‘lib o‘tgan So‘x tumanidagi mojarolar O‘zbekiston va Qirg‘iziston, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga aslo putur yetkazmasligini alohida qayd etdilar”, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaraoldi hududidagi ikki qishloq aholisi suvdan foydalanish masalasida kelisholmay, ikki o‘rtada to‘qnashuv yuz berdi.

Yuz bergan to‘qnashuv bo‘yicha 1 iyun kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov uchrashuv o‘tkazib, tergov harakatini birgalikda olib borishga va aybdorlarni jazolashga kelishib oldi.

Muzokaradan keyin Aripov so‘xliklar bilan uchrashdi. Aholi bor muammosini Bosh vazirga to‘kib soldi. 2 iyunda esa Hukumat a’zolari So‘xga bordi va hududni rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qirg'iziston So'x

Baholaganlar

130

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing