TDYUUning korrupsion imiji qanday shakllangan?

Jamiyat

image

Toshkent davlat yuridik universiteti korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Bu haqda TDYUUning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilindi.

“Jamiyatning ma’lum bir soha bo‘yicha korrupsiya haqidagi fikri ushbu illatga qarshi jiddiy va tizimli choralar ko‘rish uchun kuchli signal sanaladi. Bunday baholashni amalga oshirishda jamoatchilik, avvalo yangiliklar, mish-mishlar va boshqa xabarlar asosida yillar davomida to‘plangan ma’lumotlarga tayangan holda, imij sifatida shakllanib kelgan, korrupsiya darajasini anglashidan kelib chiqadi.

Afsuski, tom ma’noda yuridik universitet ko‘p yillar davomida noqonuniy sxemalar va turli yo‘llar orqali hal qilinadigan korrupsiyalashgan muassasa sifatida qabul qilinadi. Shubhasiz, yuridik universitetning bu jamoatchilik tushunchasini o‘zgartirish va imijni yangilash uchun ko‘p vaqt va haqiqiy kuch talab etiladi.

Bunday imij hech kimga kerak emas va korrupsiyaga qarshi kurash universitet rivojlanishining hozirgi bosqichidagi eng muhim vazifasidir.

O‘z navbatida, Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida jamoatchilikka ham ma’lumot berish maqsadga muvofiqdir.

Universitet tashkil qilingan 2013 yil iyun oyining ilk kunidan boshlab, to bugungi kungacha korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘plab tadbirlar amalga oshirildi. Bularning barchasi sobiq institutning hamma xodimlarini, shu jumladan professor-o‘qituvchilar tarkibini attestatsiya qilinishidan boshlandi. Natijada, professor-o‘qituvchi tarkibining uchdan bir qismi ishdan bo‘shatildi va o‘z lavozimini saqlab qolganlarning aksariyati, qat’iy profilaktika ishlarini amalga oshirish nuqtai nazaridan shartli ravishda olib qolindi.

O‘z navbatida, universitet, asosan xorijda tahsil olgan istiqbolli yosh kadrlar bilan to‘ldirildi.

TDYUU to‘laqonli ravishda shuni bilardiki, xodimlarning tozaligi bilan bir qatorda, korrupsiya namoyon bo‘lishiga olib keladigan omillarni bartaraf qilish yoki minimal darajada kamaytirish juda muhim masalalardan biri edi. Shu munosabat bilan universitet ta’lim sifatini oshirish va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha diqqatga sazovor choralar amalga oshirildi.

Shu kunga qadar, TDYUU faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan 55 normativ-huquqiy aktlar, shu jumladan 5 ta Davlat rahbarining, 19 ta Hukumatning hujjatlari qabul qilindi. Bularning barchasi universitetda mutlaqo yangi muhitni yaratish va o‘rnashib qolgan ta’lim standartlarini o‘zgartirishga yo‘naltirildi. Bu, albatta, mavjud “eskilik sarqitidagi” vaziyatga ko‘nikib qolganlarni “g‘azablantirdi”.

I. TDYUUga qabul qilish

1. 2017 yilgacha test sinovlari eski tizim bo‘yicha maktablarda, litsey va kollejlarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanmasdan, qabul paytida turli huquqbuzarliklarni sodir etilishiga sharoit yaratilgan holatda o‘tkazilardi. Shunday bo‘lsa-da, oldindan ko‘rilgan profilaktika choralari tufayli universitet xodimlarining ushbu jarayonlarga aralashgani to‘g‘risida biror bir dalil topilmagan.

2. 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab, aynan TDYUU tashabbusi bilan test sinov tizimida birinchi marta eski test sinovlarini o‘tkazishdan voz kechilgan holatda, shaffoflik tizimiga o‘tildi. Sinovlar katta pavilonlarda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va davlat idoralari, shu jumladan Prezident Administratsiyasi, prokuratura va bojxona organlari xodimlari ishtirokida tashkil etildi. Bularning barchasi Internetda real vaqt rejimida (onlayn) translyatsiya qilindi. Keyingi o‘quv yilidan boshlab, ushbu ijobiy amaliyot boshqa universitetlarga ham tatbiq etildi.

3. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab, TDYUU yanada ilgarilab, aynan, o‘qishga qabul qilish uchun hujjatlarini davlat xizmat markazlari orqali qabul qilib, joriy qilingan vaziyat abituriyentlar uchun qulayliklar yaratish bilan bir qatorda, universitet xodimlari bilan vizual aloqani cheklash orqali korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha chora bo‘lib xizmat qildi.

II. Talabalar bilimini baholashning ob’ektiv (xolis) mexanizmi

1.Birinchi bor talabalarning o‘qituvchi bilan vizual aloqani kamaytirishga, talabalarning bilimini anonim shaklda xolis tekshirishni ta’minlashga qaratilgan mexanizm yaratildi. Shu maqsadlarda aksariyat imtihonlar identifikatsiya kodlarni qo‘yish orqali yozma shaklga o‘tkazilgan. Bu tizim rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanadi.

2.Boshqa OTMlaridan farqli o‘laroq, talabalar bilimini baxolash jarayonlari dekanatlar tomonidan (bevosita rektorga bo‘ysungan) emas, balki markazlashtirilgan holda TDYUUning mustaqil bo‘limi bo‘lgan o‘quv-uslubiy boshqarma tomonidan amalga oshiriladi.

Alohida ta’kidlash lozimki, ushbu bir-birini tiyib turish tartibi “barcha masalalarni hal qilishni” bitta shaxs tomonidan amalga oshirishni inkor etadi. Demakki, korrupsion harakatlarni sodir etish xavfi juda kam.

3. Baholash jarayonida talaba va o‘qituvchi orasidagi vizual aloqani kamaytirish maqsadida “reyting daftarchasi” tartibi bekor qilinib, bahoni qayd etishning elektron shaklini yuritishga o‘tilgan. Shuningdek, ushbu holat talabalar o‘zlashtirishini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beradi.

4. 6 yillik faoliyat mobaynida TDYUUda yuridik kasbga fidoiy bo‘lmagan va universitetga “tasodifan” kelib qolgan talabalarni oliygohni bitirishini minimallashtiradigan muhit yaratilgan.

Xususan, o‘tgan 6 yil mobaynida 443 nafar talaba o‘qishdan chetlatilgan, jumladan 70 nafari o‘z xohishiga ko‘ra, 301 nafari akadem qarzdorligi tufayli, 37 nafari ko‘p dars qoldirgani uchun va 35 nafari ichki tartib-qoidalarni buzgani uchun. Bundan tashqari, 94 nafar talaba o‘zlashtira olmaganligi sababli kursdan kursga qoldirilgan, har yili 70-80 nafar talaba davlat imtixonidan o‘ta olmaydi. Bu raqamlar boshka boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan solishtirib bo‘lmaydigan darajada kamdir.

Agar universitetda korrupsiya avj olganda raqamlar buni ko‘rsatmasdi. Bu talabalar o‘z muammolarini korrupsiya yo‘li bilan hal qilgan bo‘lar edi. Imtihondan o‘tolmagan talaba va ularning ota-onalari bemalol universitet rahbariyatiga hamda tegishli davlat organlariga murojaat qilishlarini alohida ta’kidlash lozim. O‘z murojaatlarida ular korrutspiya mavjudligini ko‘rsatmagan.

III. Talabalarning anonim murojaat va so‘rovlari

1. Telegramm ijtimoiy tarmog‘ida korrupsiya faktlari bo‘yicha talabalarning anonim murojaatlari uchun maxsus bot yaratilgan. Xuddi shunga o‘xshash kanal Adliya vazirligida ham yaratilgan, ya’ni manfaatdor shaxslar vazirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishlari mumkin.

Bugungi kunga qadar ko‘rsatilgan kanallarga TDYUU xodimlarining korrupsion xatti-harakatlari bo‘yicha biron-bir asosli shikoyat tushmagan.

2. Vaqti-vaqti bilan talabalardan, jumladan korrupsiyaga doir anonim so‘rovnoma o‘tkazib turiladi.

Xususan, 2018 yil oktyabr oyida ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan universitetni akkreditatsiya qilish davomida o‘qituvchilarning ma’naviy-axlokiy sifatlari bo‘yicha 208 talabadan so‘rov o‘tkazildi. Atigi 3,4 foiz respondentlar ta’magirlik mavjudligini qayd qilganlar. Ma’lumotlarga qaraganda mazkur ko‘rsatkich boshqa oliy ta’lim muassasalarinikidan ancha past.

2019 yil may oyida Adliya vazirligi tomonidan korrupsion huquqbuzarliklarning olidini olish maqsadida 710 talaba (25 foiz) ishtirokida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rov natijalariga ko‘ra 90 foiz respondentlar shaxsan korrupsion xatti-harakatlarga to‘qnash kelmaganini qayd etganlar.

Umuman olganda bugungi kungacha TDYUUga huquqni muhofaza qilish organlaridan universitetda korrupsiya alomatlari mavjudligiga oid biron ma’lumot yoki e’tiroz kelib tushmagan. Gap faqat oldini olish haqida borgan.

IV. Xodimlarning moddiy ta’minoti

Boshqa oliy ta’lim muassasalaridan farqli tarzda TDYUUda Prezident qarorlari bilan oylik ish haqiga 200 foizgacha miqdorda maxsus ustama haqlar joriy qilingan. Bundan tashqari ular adliya organi xodimi sifatida (50 foizgacha) toifa darajalari uchun hamda xizmat yillari uchun (40 foizgacha) haq olishadi. Ko‘rsatib o‘tilgan to‘lovlar oshirilgan to‘lov kontraktdan tushgan mablag‘ hisobiga amalga oshiriladi.

Moddiy ta’minlashning mazkur choralari, ayniqsa oxirgi uch marta oshirilgan ish haqi (01.09.2018 yilda 25 foiz, 01.01.2019 yilda 20 foiz va 01.07.2019 yilda 25 foiz) ish sifatini yaxshilash uchun kuchli turtki vazifasini o‘tadi. Bunday sharoitdagi faoliyat TDYUU xodimlarining korrupsion xatti-harakatini oldini oladi.

Qabul qilinayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan hech kim e’lon qilingan ijtimoiy so‘rov natijasida korrupsiya yengildi yoki bartaraf etildi deya olmaydi. 

Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekistonning barcha fuqarolaridan bevosita universitetga Adliya vazirligiga yoxud boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organiga universitetning rahbariyati, o‘qituvchilari, boshqa xodimlar faoliyatidagi korrupsiya faktlariga aloqador har qanday ma’lumotni taqdim qilishni so‘raydi.

Telegram-bot (antikorbot) yoki Adliya vazirligining maxsus platformasidagi rasmiy saytidan foydalanishingiz mumkin.

Yubrilgan ma’lumotlar ko‘rib chiqiladi va muallifning shaxsi qat’iy ravishda sir saqlanishi kafolatlanadi. Bunday ma’lumotlar jazo muqarrarligini ta’minlaydi va universitetda sog‘lom muhitni yaratadi”, deyiladi universitet bayonotida.

Avvalroq, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Yesemurat Kanyazov lavozimidan ozod qilingani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

37

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing