O‘zbekiston rasman Turkiy tilli davlatlar Kengashiga a’zo bo‘ldi. Bu nima degani?

Jamiyat

қонун

Kecha, 13 sentyabr kuni Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lu O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘layotganini aytgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida ham aynan shu masala ko‘rib chiqildi. 

Yalpi majlisda senatorlar ishni “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009 yil 3 oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar. 

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda 4 ta davlat – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (TDHK) a’zolari sanaladi. Tashkilot tarkibi turkiy tilli davlatlarning rahbarlari Kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi, Katta mansabdor shaxslari qo‘mitasi, Oqsoqollari kengashi va Kotibiyatdan tashkil topgan. Kotibiyat Istanbul shahrida (Turkiya Respublikasi) joylashgan.

Tashkilot 2009 yil 3 oktyabrda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimiga muvofiq tashkil etilgan.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2018 yilning 29-30 aprel – 1 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevga Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘lish va sentyabr oyida Qirg‘izistonning Cho‘lpon ota shahrida o‘tadigan navbatdagi sammitda ishtirok etishni taklif qilgan edi. 

O‘zbekiston tashkilot sammitida ishtirok etdi va kelgusi sammitga mezbonlik qilish mas’uliyatini oldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitdagi nutqida shunday degan edi

“Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”.

Bugun o‘tgan yalpi  majlisda ham senatorlar keyingi paytda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar, eng avvalo, mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik chuqurlashib borayotganligini qayd etdilar. Bu Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida O‘zbekistonning ko‘ptomonlama hamkorligini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Tashkilotga a’zo bo‘lishi tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishini izchil ro‘yobga chiqarish, moliya va bank operatsiyalarini soddalashtirish maqsadida savdo-sotiq va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoit yaratishga, bojxona va tranzit tartib-taomillarini yanada soddalashtirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Senati Yalpi majlis Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi

Baholaganlar

92

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made