Mirziyoyevning pandemiya davridagi islohotlari qanday baholanmoqda?

Jamiyat

image

Koronavirus pandemiyasi paytida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasidagi Farmon va qarorlari, shuningdek aholini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari xalqaro hamjamiyat ishtirokidagi telekonferensiyada ijobiy qabul qilingan. Bu haqda Moliya vazirligi va Markaziy bank axborotida ma’lum qilinmoqda. 

Qayd etilishicha, 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan global inqirozning O‘zbekistonga salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarga bag‘ishlangan telekonferensiya o‘tkazilgan. 

Yevroosiyo mintaqasida suveren emitentlar tomonidan birinchilardan bo‘lib tashkil qilingan tadbirda 150 dan ziyod xorijiy investorlar, xalqaro moliya tashkilotlari, global investitsiya banklari va eksport kredit agentliklari vakillari ishtirok etgan. 

Telekonferensiya davomida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Markaziy banki vakillari tomonidan global inqirozning mamlakat iqtisodiyoti va moliyaviy tizimiga bevosita va bilvosita ta’siri, inflyatsion va fiskal balans kutilmalaridagi o‘zgarishlar, inqirozga qarshi kurash borasida davlat tomonidan ko‘rilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy choralar bo‘yicha ma’lumot berilgan. 

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish hamda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan Farmon va qarorlari, iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar telekonferensiya qatnashchilari tomonidan ijobiy qabul qilingan. 

Konferensiyada shuningdek investorlarning global inqiroz davrida O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, fiskal choralar hamda inqirozga qarshi kurash jamg‘armasining moliyalashtirilish manbalari, global inqirozning to‘lov balansi, milliy valyuta, inflyatsiya va bank tizimiga ta’siri va boshqa savollariga javob berilgan.

“Qayd etish joizki, ko‘plab noaniqlik va iqtisodiy xatarlar yuzaga kelayotgan bir vaqtda faol ravishda kerakli ma’lumotlarni taqdim qilish hamda mavjud savollarga javob berish uchun keng imkoniyat yaratgan mazkur telekonferensiya xalqaro hamkorlar tomonidan yuksak e’tirof etildi. 

Natijada, O‘zbekiston Respublikasiga qo‘shimcha moliyaviy resurslarni ajratish bo‘yicha takliflar kelib tushmoqda. Jumladan, telekonferensiyada qatnashgan moliyaviy tashkilotlarning biridan O‘zbekiston Respublikasi korxonalariga asosiy vositalar uchun (fixed assets loan) hamda aylanma mablag‘lari uchun kredit (working capital loan) berish mumkinligi haqida taklif keldi. 

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro suveren obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi kotirovkalarining nisbatan barqarorligi xalqaro investorlar tomonidan yurtimizning makroiqtisodiy barqarorligiga ishonch belgisi hisoblanib, kelajakda ushbu moliyalashtirish manbai respublikamiz emitentlari uchun ochiqligidan darak beradi”, deyiladi xabarda.

Telekonferensiyada “Abu Dhabi Investment Authority”, “AIG Investments”, “AXA Investments,  Blackrock”, “Fidelity”, “Eaton Vance” kabi yirik xalqaro investitsion kompaniyalar, “Citigroup”, “JP Morgan”, “Merrill Lynch”, Gazprombank, “Deutsche Bank”, “Raiffeisen Bank International” kabi yirik investitsiya banklari hamda Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, “KfW”, “Export-Import Bank of China” kabi xalqaro moliya tashkilotlari qatnashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Moliya vazirligi Markaziy bank

Baholaganlar

66

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing