O‘zbekiston Suriyadan kimlarni qidiryapti?

Tahlil

Rossiyaning Moskva viloyati yaqinidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida joriy yilning 22 mart kuni sodir etilgan va 144 kishining umriga zomin bo‘lgan terakt ortidan O‘zbekiston huquq-tartibot organlari Suriyadagi terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilgan, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlagan jami 8 kishini qidiruvga berdi. Shuningdek, yana bir kishiga nisbatan o‘lim sababi bilan qidiruv e’loni bekor qilindi. 

Xo‘sh, O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari kimlarni qidiryapti, ular qanday jinoyat sodir etganlikda ayblanmoqda. 

“Krokus terakti”dan keyin qidiruvga berilgan birinchi o‘zbekistonlik – Abduvahob Abdurahimov. U Suriyadagi jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgani aytilmoqda.

Abdurahimov 1999 yil Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ilgan. U aynan Rossiyaning Tula shahrida mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib yurgan vaqtida, "Javhad an-nusra" xalqaro terroristik tashkilotning tarkibiy bo‘linmasi hisoblangan "Tavhid va jihod katibasi" guruhining g‘oyaviy yetakchilari ta’siriga tushib qolgan. Keyinchalik ushbu tashkilot g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, 2022 yilda Rossiyadan Turkiyaga, u yerdan esa Suriyaga o‘tib, terrorchilik tashkiloti tarkibida faol jangovar harakatlarda qatnashib kelgan.

Abduvahob Abdurahimov hozirda ham jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgani aniqlangan. Olib borilgan surishtiruvlar natijasida unga nisbatan 2023 yilda Jinoyat kodeksining 155-2- (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi 244-1-moddalari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.

Joriy yilning 8 apreliga kelib esa 2012 yilda Rossiya Federatsiyasi orqali Turkiyaga, u yerdan Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilgan Jaloliddin Rustamovich Mansurov qidiruvga berilgani ma’lum qilindi. 

1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Mansurov 2005 yilda Uchtepa tumanidagi agrar kollejiga o‘qishga qabul qilinadi, biroq 2007 yilda 2-kursni bitirmay, o‘qishni tashlab ketadi va bo‘yoqchilik ishlarida otasiga yordam berib, shu kasbni egallaydi.

2010 yilga kelib Jaloliddin yangi do‘stlar orttiradi. Otasi o‘sha vaqtlarda uyining oldida o‘g‘lining Sherzod ismli notanish yigit bilan gaplashib turganini ko‘radi. Bir necha kundan so‘ng yigit uyidan butunlay chiqib ketadi va hozirgacha ota-bolaning o‘rtasida aloqa mavjud emas.

O‘sha yili Rossiyaga, u yerdan Turkiyaga borgan Mansurov 2012 yilda ekstremistlar ta’siriga tushib, Suriya davlatiga o‘tib ketadi va terrorchi guruhlar tarkibiga qo‘shiladi. 4 nafar farzandning otasi bo‘lgan yigit qonuniy ayoli bilan ajrashib, boshqa ayolni o‘zi bilan Suriyaga olib ketadi. 

2015 yilda Mansurovning o‘limi haqida xabar tarqalishiga qaramay, bu rasman o‘z tasdig‘ini topmagan. Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan  Jaloliddin Mansurovga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

2020 yildan boshlab "Jihodchilar" diniy-ekstremistik oqimi a’zosi sifatida ro‘yxatga olingan Mirolim O‘lmasovning Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan rasman qidiruvga berilgan so‘nggi 10 kunlikda ma’lum bo‘ldi. 

1990 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan "Abdul Zufar" laqabli Mirolim O‘lmasov 2018 yilda ishlash bahonasida Turkiyaga ketgan, u yerdan "Tahrir Ush-Shom" terrorchilik tashkilotiga birlashish maqsadida Suriya davlatiga o‘tib, terrorchilar safiga qo‘shilgan.

Fuqaro aqidaparastlik g‘oyalariga berilib ketganidan oradan uzoq vaqt o‘tishiga qaramay, oilasi bilan aloqaga chiqmaydi. Birgina 2020 yilda sinfdosh do‘sti bilan Telegram messenjeri orqali gaplashgan O‘lmasov, Suriyadaligini isbotlovchi rasmni jo‘natadi. 

Qidiruvga berilgan shaxslar orasida diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib, ularni moliyalashtirgani aniqlangan Dilshod Qodirov ham bor. 

1969 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Qodirov 2006 yilda diniy ekstremistik oqimlar ta’sirida Birlashgan Arab Amirliklari orqali Suriyaga o‘tib, terrorchi guruhlar safiga qo‘shilgan.

Qodirov Toshkentda yashagan vaqtida tadbirkorlik faoliyatini olib borgan. Bundan tashqari, u muntazam sport bilan ham shug‘ullangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qodirov terrorchilik faoliyatini xorijdagi diniy ekstremistik guruhlarga moliyaviy yordam ko‘rsatishdan boshlagan. U topgan daromadini chetdagi sheriklariga jo‘natib turgan. Hozirgi kunda uning aynan qayerda ekani ma’lum emas.

Oradan uzoq vaqt o‘tishiga qaramay, Dilshod Qodirov yaqinlari bilan aloqaga chiqmagan. 2010 yilda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan Dilshod Hojimurodovich Qodirovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qidiruv e’lon qilingan. Ammo bu haqdagi e’lon oradan 14 yil o‘tib, so‘nggi 10 kunlikda e’lon qilindi. 

17 yoshida yashirin yo‘llar orqali Suriyadagi terrorchilar safiga qo‘shilgan Sirojiddin Shokirov jang maydonida o‘ldirilgan bo‘lib chiqdi. 

Sirojiddin Shokirov 1997 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 2014 yilda Suriya davlatidagi terrorchilar safiga qo‘shiladi. 2015 yilda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.

Shokirov 17 yoshga to‘lib-to‘lmay O‘zbekistonni tark etib, Qozog‘iston Respublikasi orqali Turkiyaga boradi va u yerdan ekstremistik oqim yordamida yashirin yo‘llar bilan Suriya davlatiga o‘tib, ISHID xalqaro terrorchilik tashkilotiga birlashib, uning tarkibida buzg‘unchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida amaliy o‘quv mashg‘ulotlarini o‘taydi.

Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Shokirov jangarilik harakatlarida qatnashib vafot etgan va unga nisbatan qo‘llanilgan qidiruv e’loni to‘xtatilgan.

2014 yilda Suriyadagi terrorchilar safiga qo‘shilgan Aziz Toshkentboyev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qidiruvga berildi. 

Bildirilishicha, Aziz Toshkentboyev Toyirovich 1978 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Laqabi – “Iso chavandoz”. Millati – o‘zbek, o‘rta ma’lumotli. Muqaddam sudlanmagan.

Aziz Toshkentboyev oilasidan ajralib, 2012 yilda ishlash maqsadida Turkiyaga borganidan so‘ng, diniy aqidaparastlik g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan. U 2014 yildan beri Suriyaga o‘tib, terrorchi guruhlar safida janglarda ishtirok etadi.

Taqiqlangan diniy ma’ruzalarni eshitib, jihod qilish uchun Suriyaga chiqib ketgan yana bir O‘zbekiston fuqarosi Sharif Ubaydullayevga nisbatan ham qidiruv e’lon qilindi. 

U 1983 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan va ISHID xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zosi hisoblanadi.

U 2021 yil 30 avgust kuni Suriya davlatida faoliyat olib borayotgan Iroq va Shom Islom davlati (ISHID) tashkilotiga qo‘shilish maqsadida Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaga uchib, u yerdan Suriyaga o‘tgan va hozirda Idlib shahrida ekanligi aniqlangan.

Ubaydullayevga nisbatan 2022 yil 15 iyun kuni Ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.

Moskvada o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa-da, tinch hayotidan voz kechib, Suriyadagi terrorchilar safiga qo‘shilgan Alisher Tojiboyev xalqaro qidiruvga berildi.

 

1970 yilda Tojikistonning Qo‘rg‘ontepa shahrida tug‘ilgan Alisher Tojiboyev ishlab, pul topish maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borib-kelib yurgan. U qurilish ishlarida ishlab yurib, 2004 yilda chechen millatiga mansub Islom ismli shaxsning diniy ekstremistik oqim g‘oyalari ta’siriga tushgan va shu paytda o‘zi boshchiligida Moskva jamoatini tashkil qilgan.

Tojiboyev 2008 yilda Moskvada “Halol” nomli tamaddixona ochadi. Ishlab, pul topish maqsadida borgan tanishlarini ishga olib, bu yerda ularni ekstremistik oqim g‘oyalari bilan zaharlab, o‘zining jamoatini kengaytiradi.

2012 yilda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-2-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Alisher Tojiboyev tergovdan yashiringan.

Hozirda maxsus qidiruvda bo‘lgan Tojiboyev 2013 yilda Moskva orqali Turkiyaga, u yerdan Suriyaga o‘tgan. Hozirgi kunda u Suriyadagi xalqaro terroristik guruhlar safida ekani aytiladi. 

"Tavhid va Jihod katibasi" terroristik tashkiloti tarkibiga qo‘shilib, jangovar harakatlarda qatnashayotgan 26 yashar Sardor Azimov qidirilmoqda. 

U 1998 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan bo‘lib, Rossiyaga ishlash uchun ketgan. Azimov Moskvada ijtimoiy tarmoq orqali  turli shaxslar bilan tanishgan va ularning ta’siriga tushib qolgan. Shu yo‘l bilan Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda Sardor Azimovga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-2 moddasi 1-qismi bilan (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, unga nisbatan rasman qidiruv e’lon qilingan.

So‘nggi 10 kunlikda qidiruvga berilgan oxirgi o‘zbekistonlik 28 yashar Muhammadiy A’zamjonov.

U 1996 yilda Andijon viloyatining Andijon shahrida tug‘ilgan. U 2018 yilda Janubiy Koreyada joylashgan SEJONG institutiga o‘qishga kirgan. O‘qish davomida mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib yurib, ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari ta’siriga tushgan. 

2020 yilning fevral oyida Turkiyaga o‘tib, Istanbul shahridagi madrasada ta’lim olgan, oktyabr oyida Suriyadagi “Tavhid val jihod katibasi” jamoatiga qo‘shilgan va jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. 

Hozirda Suriyaning Idlib shahrida jangovar harakatlarda ishtirok etib kelayotgani haqida ma’lumot olingan. Mazkur holat yuzasidan  huquq-tartibot idoralari tomonidan Muhammadiy A’zamjonovga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya O'zbekiston terror

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing