“Dovut ota” postida vaziyat barqaror” – DBQ vaziyatga “ichi bo‘sh” munosabat bildirdi (video)

Jamiyat

Avvalroq, O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi “Dovut ota” bojxona postida yuk mashinalarining o‘tkazilishi to‘xtatib qo‘yilgani sababli 40 ta yuk mashinasi 3 kun chegarada qolib ketgani haqida xabar berilgandi. Xabarga video ham ilova qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi mazkur xabarga munosabat bildirdi. Ammo DBQ holatga munosabat bildirdimi yoki O‘zbekiston bojxona tizimi haqida umumiy ma’lumot berdimi tushunish qiyin. Qo‘mita munosabatida shunday deyiladi:

“So‘nggi vaqtlarda Internetdagi turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimiz chegara-bojxona postlarida (CHBP) tirbandliklarning yuzaga kelayotganiga doir xabarlar tarqalmoqda.

Xo‘sh, ushbu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin? Davlat bojxona qo‘mitasi mazkur mavzu yuzasidan munosabat bildiradi.

Bugungi kunda respublikamizda 110 ta bojxona postlari faoliyat yuritadi. Ularning 57 tasi chegara bojxona-postlari tashkil qiladi. Chegara-bojxona postlarining 33 tasi avtomobil, 13 tasi temir yo‘l o‘tkazish punktlarida joylashgan. Shuningdek, 11 tasi xalqaro aeroportlarda faoliyat yuritadi.

Chegara-bojxona postlarida bojxona nazorati va rasmiylashtiruvni qisqa muddatlarda sifatli va uzluksiz amalga oshirish uchun eng zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlangan.

Respublikamizning CHBPlariga o‘rnatilgan 2000 ga yaqin videokuzatuv kameralaridan olingan tasvirlarni markazdan turib (tahr. DBQdagi Monitoring markazi) kuzatish imkoniyati mavjud. Vaqt kech bo‘lganiga qaramasdan CHBPlarimizda ish jarayoni gavjum.

Raqamlarga murojaat qilsak, ayni paytda respublikamizning CHBPlari orqali bir kunda o‘rtacha 130 ming nafarga yaqin jismoniy shaxslar harakatlanmoqda. Shuningdek, CHBPlar orqali harakatlanayotgan yuk va yengil avtotransport vositalarining kunlik o‘rtacha miqdori6 mingtani tashkil qiladi.

Ayni paytda siz respublikamizning shimoliy darvozasi “Dovut ota” CHBPni tasvirlarda ko‘rib turibsiz. Ushbu CHBP orqali kirib kelgan barcha yuk va yengil avtotransport vositalari bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.

Bu jarayonda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini yanada qisqa muddatlarda amalga oshirish uchun CHBPlarimizda barcha imkoniyatlar ishga solingan.

Masalan, aksariyat CHBPlarimiz tasvirda ko‘rib turganigizdek, skaner qurilmalari bilan ta’minlangan bo‘lib, ular yuk avtotransport vositalarini sanoqli soniyalarda bojxona tekshiruvidan o‘tkazishni ta’minladi. Natijada, respublikamizning CHBPlari orqali harakatlanayotgan yuk avtotransportlarining bojxona nazorati uchun o‘rtacha 12 daqiqa sarflanmoqda.

Monitoring markazida uzluksiz faoliyat yurituvchi operatorlar barcha CHBPlaridagi mavjud vaziyatni real vaqt rejimida kuzatib borishadi. Bu jarayonda turli muammoli holatlar va vaziyatlar yuzaga kelganda ularni zudlik bilan joyida bartaraf etish choralarini ko‘rishadi va bu haqda DBQ rahbariyatini xabardor qilishadi.

Guvohi bo‘lganingizdek, barcha CHBPlaridagi bojxona nazorati hududlarida hech qanday sun’iy navbat. Ortiqcha ovoragarchiliklar yoki biron-bir to‘siqlar kuzatilmayapti. Aksincha, bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlari yanada sifatli, puxta, o‘z vaqtida va tezkor ravishda amalga oshirilmoqda.

Unutmang, DBQ bojxna nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar yuzasidan tezkor munosabat bildirishga tayyor. Bojxona organlari faoliyatiga doir xolis va haqqoniy axborotlarni tarqatishda OAV, keng jamoatchilik vakillari va, albatta, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan o‘zaro hamkorlikka tayyor ekanligimizni ma’lum qilamiz.”

“Dovut ota” chegara-bojxona postida hozirgi vaziyat barqaror bo‘lishi mumkin. Lekin 40 ta “fura” to‘xtatilgani ularning bari harakatsiz holda turgani tasvirlangan video ham bor. “Ular nega to‘xtatilgan?”, degan savol esa hamon ochiq qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qozog'iston DBQ

Baholaganlar

37

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing