Mirziyoyevning Turkiyaga tashrifi haqida rasmiy xabar berildi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu hafta safarga chiqishi haqida xabar bergan edik. Davlat rahbarining 19-20 fevral kunlariga mo‘ljallangan safari haqida Prezident Matbuot xizmati rasmiy xabar berdi. 

Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan 19-20 fevral kunlari mazkur mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Anqara shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari hamraisligida ikki tomonlama Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikning holati va istiqbollari ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha fikr almashiladi.

PrezidentShavkat Mirziyoyev Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashadi, Turkiya Respublikasi Prezidenti kutubxonasi majmuasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etadi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasiga ilk tashrifini 2017 yilning 25-26 oktyabr kunlari amalga oshirgan edi.

Shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilda amalga oshirayotgan ilk xorijiy tashrifi. Joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Prezidentning Rossiyaga amalga oshirilishi rejalashtirilgan tashrifi yuzasidan o‘zgarishlar yuz berib, tashrif yoz oylariga ko‘chirilgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

80

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing