O‘zbekistonning tashqi qarzi oshishi xavotirlimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning tashqi qarzi ortib borayotgani haqida turli fikr va mulohazalar tez-tez uchrab turadi. Ularning ba’zilarida ishonish qiyin bo‘lgan taxminlar bildirilgan.

Ammo iqtisodiyot shunday sohaki uni tahlil qilish va prognozlar bildirish uchun iqtisodiyo bilimga ega bo‘lishi va tahlil qila olishi kerak bo‘ladi. Iqtisodchi professor Zamir Holmahmedov shunday fikrda.

“Axir, mamlakat tashqi qarzi sof makroiqtisodiy tushuncha bo‘lib, uning mazmun mohiyatini tushunish uchun xech bo‘lmasa odamda iqtisodiy tahlil qila olish qobiliyati bo‘lishi kerak-ku. Shuning uchun odamlarni “gangitishga” harakat qilayotgan ayrim “iqtisodiyotimiz g‘amho‘rlaridan” farqli ravishda, jaydari tilda bugungi vaziyatni tushuntirib o‘tmoqchiman”, deydi u.

Iqtisodchi O‘zbekistonning pandemiya sharoitida qarz olishni uddalayotganining o‘zi ham maqtagulik ish ekanini aytmoqda. Hozirgidek og‘ir vaziyatda bu to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda chop etilayotgan chiqishlarda ta’kidlanayotganidek, O‘zbekiston koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi xalqaro moliya tashkilotlaridan 1 milliard dollardan ko‘proq kredit oldi. Axir ming yillik gap bor: “olmoqlik – donolik”, degan. Demak, mamlakatimiz shunday pandemiyadek og‘ir sharoitda, vaqti kelsa shaxsiy munosabatlarni ishga solib, ishonchga kirib, qarz mablag‘lari jalb qilayotgan ekan, buni faqat olqishlash kerak-ku...”, deya kredit olish normal holat ekanini ta’kidlaydi u.

Ijtimoiy tarmoqdagi fikrlarda Moliya vazirligi O‘zbekistonning yillik qarz limitini 5 mlrdgacha oshirishni taklif qilgani ham muhokama qilingan. Professor qo‘shimcha 1 mlrd dollarning olish mumkinligi shu davlatga ishon borligini anglatishini ta’kidlagan.

“Yana ta’kidlanayotganidek, Moliya vazirligi mamlakat kafolati ostida jalb etiladigan tashqi qarz chegarasini $1 mlrdga ($4 mlrddan $5 mlrdgacha) oshirishni taklif qildi. Xo‘sh mamlakat kafolati nima? Bu shuki – mamlakatga bo‘lgan ishonch, umid, uning zahiralarini mavjudligi degani... Aks holda pul berayotgan xorijliklar o‘z pulini havoga soviradigan “tentaklar” emas, o‘n martadan kafolat berilsa ham, qabul qilishmaydi...

O‘zbekistonning tashqi qarzi 25 millard dollardan oshganligiga alohida urg‘u berib, “shishirib” ta’kidlanmoqda. Lekin, boshqa tomonda oltin-valyuta zaxiralarimiz 34 milliard dollardan oshganligi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda durustroq fikr ko‘rmaysiz. Ya’ni, zaxiralarimiz olgan qarzlarimizni bemalol yopa olishga imkoniyat berayotganligi uchun ham, xorijliklar qo‘rqmay qarzlarini berishmoqda, aks holda ular, yuqorida qayd etganimizdek, “bir sent”ni ham bizga ravo ko‘rishmasdi...”, deydi Zamir Holmahmedov.

Professor qarz olish evaziga shaxsiy zahiralarni saqlab qolish to‘g‘ri ekanini urg‘ulaydi. U hozirgidek pandemiya sharoitida odamlardan o‘zlari tushunmagan mavzuda shov-shuv ko‘tarib, boshqalarni chalg‘itmaslikka chaqirgan.

“Shuning uchun oddiy savol tug‘iladi: pandemiya sharoitida bor-butni sarflab, mamlakat xazinasini “quritib” qo‘ygan yaxshimi, yoki barcha imkoniyatlarni, kerak bo‘lsa shaxsiy munosabatlarni ishga solib, qarzlar olib, xazinani rezerv “yostig‘i” sifatida ushlab turgan ma’qulmi?!..

Albatta, populistik chiqishlar bilan, birorta ilinganki bahona bilan olib borilayotgan iqtisodiy siyosatni tanqid qilish juda oson. Lekin, agar ozgina vatanparvarligi bo‘lsa, har kim xech bo‘lmasa bugungi og‘ir davrlarda aqli yetmagan mavzularda chiqishlar qilib, o‘zini ko‘rsatib, oddiy odamlarni chalg‘itmay, tek turganlari ma’qul deb hisoblayman!”, deya so‘zini yakunlagan Zamir Holmahmedov.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 19,4 mlrd. dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 34,0 foizni tashkil etdi.


Maqola muallifi

Teglar

tashqi qarz

Baholaganlar

161

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing