Prezident Hukumatni shakllantirish tartibiga oid yangi qonunni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi. 

Mazkur qonun 2019 yil 1 apreldan boshlab kuchga kiradi. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 26 fevral kuni qabul qilingan bo‘lib, Oliy Majlis Senati tomonidan 28 fevral kuni ma’qullangan.  

Qonun 9 moddadan iborat. Uning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

“Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

1-modda. 1992 yil 8 dekabrda o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993 yil, № 1, 4-modda; 1994 yil, № 1, 5-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 3–4, 27-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 162-modda; 2008 yil, № 12, 637-modda; 2011 yil, № 4, 100-modda, № 12/1, 343-modda; 2014 yil, № 4, 85-modda; 2017 yil, № 4, 135-modda, № 5, 201-modda, № 8, 383-modda; 2018 yil, № 10, 674-modda) quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilsin:

1) 79-moddaning 4-bandi quyidagi mazmundagi 4 va 5-bandlar bilan almashtirilsin:

«4) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;

5) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni keyinchalik ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimlarga tasdiqlash uchun ko‘rib chiqish va ma’qullash kiradi»;

2) 93-modda birinchi qismining 11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«11) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi»;

3) 98-moddaning o‘n birinchi qismidagi «Bosh vazir» degan so‘zlar «Bosh vazirning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan» degan so‘zlar bilan almashtirilsin.

2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 6 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi 818–XII-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan 524–II-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 9–10, 138-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 163-modda, 2008 yil, № 12, 637-modda; 2009 yil, № 12, 465-modda; 2011 yil, № 4, 101-modda; 2014 yil, № 4, 86-modda, № 5, 130-modda; 2015 yil, № 8, 310-modda, № 12, 452-modda; 2016 yil, № 9, 276-modda; 2018 yil, № 7, 431-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:

1) 4-moddaning:

yettinchi qismidagi «Bosh vazir» degan so‘zlar «Bosh vazirning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi sakkizinchi – o‘n birinchi qismlar bilan to‘ldirilsin:

«Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzod u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitasi, siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi va ma’qullanadi.

Vazirlar Mahkamasi a’zosining lavozimiga nomzod uning nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodni rad etgan taqdirda, Bosh vazir ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun yangi nomzodni kiritadi.

Vazirlar Mahkamasining a’zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi»;

sakkizinchi – o‘n to‘rtinchi qismlari tegishincha o‘n ikkinchi – o‘n sakkizinchi qismlar deb hisoblansin;

2) 8-modda:

quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:

«Bosh vazir O‘zbekiston Respublikasi hukumati a’zolari bilan birgalikda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi»;

uchinchi – to‘qqizinchi qismlari tegishincha to‘rtinchi – o‘ninchi qismlar deb hisoblansin.

3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi 432–II-sonli Konstitutsiyaviy Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002 yil, № 12, 213-modda; 

2003 yil, № 5, 67-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011 yil, № 4, 101-modda; 

2014 yil, № 4, 86-modda; 2015 yil, № 12, 452-modda; 2016 yil, № 9, 276-modda; 2017 yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018 yil, № 1, 4-modda) 8-moddasi birinchi qismi 15-bandining ikkinchi xatboshisi «O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining» degan so‘zlardan keyin «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan» degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.

4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida»gi 434–II-sonli Konstitutsiyaviy Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002 yil, № 12, 215-modda; 2003 yil, № 5, 67-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 163-modda, № 7, 326-modda; 2008 yil, № 12, 637-modda; 2011 yil, № 4, 101-modda; 

2014 yil, № 4, 86-modda; 2015 yil, № 12, 452-modda; 2016 yil, № 9, 276-modda; 2017 yil, № 9, 510-modda; 2018 yil, № 1, 4-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilsin:

1) 8-modda birinchi qismi 15-bandining ikkinchi xatboshisi «O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining» degan so‘zlardan keyin «Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan» degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;

2) 9-moddaning 4-bandi quyidagi mazmundagi 4 va 5-bandlar bilan almashtirilsin:

«4) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan Qonunchilik palatasining qarorlarini qabul qilish;

5) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni keyinchalik ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimlarga tasdiqlash uchun ko‘rib chiqish va ma’qullash kiradi».

5-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi 522–II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 9–10, 136-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 163-modda, № 7, 326-modda; 2008 yil, № 12, 637-modda; 2009 yil, № 4, 136-modda; 

2011 yil, № 4, 101-modda; 2013 yil, № 4, 95-modda; 2014 yil, № 4, 86-modda, № 5, 130-modda; 2015 yil, № 12, 452-modda; 2016 yil, № 9, 276-modda; 2017 yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018 yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda; 2019 yil, № 1, 1-modda) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:

1) quyidagi mazmundagi 221-modda bilan to‘ldirilsin:

«221-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzod u mas’ul qo‘mita, fraksiyalar va deputatlar guruhlari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi va ma’qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zosining lavozimiga nomzod uning nomzodi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etadi.

Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodni rad etgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun yangi nomzodni kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi»;

2) quyidagi mazmundagi 322-modda bilan to‘ldirilsin:

«322-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

Qonunchilik palatasining fraksiyalari, deputatlar guruhlari, qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi hamda Qonunchilik palatasining majlisida majburiy ravishda va har tomonlama muhokama qilinishi lozim bo‘lgan fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi.

Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi, qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturini bajarish bo‘yicha hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga olishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Qonunchilik palatasi qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi».

6-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi 523–II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003 yil, № 9–10, 
137-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007 yil, № 4, 163-modda; 2009 yil, № 4, 136-modda; 
2011 yil, № 4, 101-modda; 2014 yil, № 4, 86-modda; 2015 yil, № 12, 452-modda; 2016 yil, № 9, 276-modda; 2017 yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018 yil, № 1, 4-modda, № 7, 431-modda; 2019 yil № 1, 
1-modda) quyidagi mazmundagi 312-modda bilan to‘ldirilsin:

«312-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda Senatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

Senatning qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi hamda Senatning majlisida majburiy ravishda va har tomonlama muhokama qilinishi lozim bo‘lgan fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi.

Senat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi, qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturini bajarish bo‘yicha hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga olishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Senat qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi».

7-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 11 aprelda qabul qilingan «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘RQ–403-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016 yil, № 4, 123-modda; 2017 yil № 6, 300-modda; 

2018 yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda; 2019 yil, № 1, 1-modda) quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartish kiritilsin:
1) 5-moddaning birinchi qismi:

quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:

«Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish»;

to‘rtinchi – o‘n beshinchi xatboshilari tegishincha beshinchi – o‘n oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;

2) quyidagi mazmundagi 81-modda bilan to‘ldirilsin:

«81-modda. Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish

Bosh vazir hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda Oliy Majlis palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.

Fraksiyalar, deputatlar guruhlari, Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalari Vazirlar Mahkamasining hisobotini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadi hamda Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida majburiy ravishda va har tomonlama muhokama qilinishi lozim bo‘lgan fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi.

Qonunchilik palatasi, Senat Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi, qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturini bajarish bo‘yicha hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga olishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Qonunchilik palatasi, Senat qarori Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi».

8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;

ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

9-modda. Ushbu Qonun 2019 yil 1 apreldan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev 

 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Respublikasi Qonuni

Baholaganlar

1

Reyting

2.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing