Dorivor o‘simliklar klasteri tashkil etiladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining 2020 yil 1 maydan boshlab dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlarini (keyingi o‘rinlarda – dorivor o‘simliklar klasteri) tashkil etish, shuningdek, hududlarni dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

Dorivor o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan hududlar ro‘yxati ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

Belgilab qo‘yildiki:

a) dorivor o‘simliklar klasteriga yer maydoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va tashabbuskorlar o‘rtasida tuziladigan bitim asosida ajratiladi;

b) xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etiladigan dorivor o‘simliklar klasteriga yer maydoni Qishloq xo‘jaligi vazirligi, o‘rmon fondi yerlarida esa O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan tuziladigan investitsiya kiritish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandan so‘ng Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratiladi.

Bunda, dorivor o‘simliklar klasterlariga yer maydoni dorivor o‘simliklar yetishtirishga mos bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga ajratilmagan va qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan, zaxiradagi yerlardan, shuningdek, lalmi va o‘rmon fondi yerlaridan ajratiladi;

v) dorivor o‘simliklar klasterini tashkil etadigan tashabbuskor tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi (o‘rmon fondi yerlarida – O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi)ga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

dorivor o‘simliklar klasterini tashkil etish bo‘yicha ariza;

dorivor o‘simliklar klasteri faoliyatini tashkil etishda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, muhofaza qilish, qayta ishlash va resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan biznes-reja yoki texnik-iqtisodiy asosnoma;

dorivor o‘simliklar klasterining faoliyat yuritishi uchun zarur infratuzilma ob’ektlari (foydalanish huquqi asosida), shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarning mavjudligi haqida ma’lumotnoma.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari dorivor o‘simliklar klasterlarini tashkil etishda iqtisodiy jihatdan barqaror faoliyat yuritayotgan, zarur infratuzilma ob’ektlari, shuningdek, mol-mulk va boshqa vositalarga ega bo‘lgan salohiyatli yuridik shaxslarni tanlash va shakllantirishga shaxsan mas’ul hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

qaror Shavkat Mirziyoev klaster

Baholaganlar

35

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing