Sobiq Prezidentni so‘roq qilishga kelgan vazir o‘rinbosari uyga kiritilmadi

Olam

image

Avvalroq, Almazbek Atamboyev Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti maqomidan mahrum qilingani haqida xabar bergan edik.

Bugun, 22 iyul kuni Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Mirlan Kanimetov va tergov guruhi Almazbek Atamboyevni tergovga chaqirish uchun uning rezidensiyasiga keldi. Biroq oradan 20 daqiqa o‘tgach, quruq qo‘l bilan ortga qaytdi. Bu haqda mamlakat IIV xabar berdi.

18 iyul kuni Atamboyev jinoiy “avtoritet” Aziz Batukayevning ozodlikka chiqarilishi bo‘yicha guvohlik berish uchun uchinchi marta IIVning Tergov bosh boshqarmasiga chaqirilgandi. Biroq, avvalgi ikkita chaqiriqda bo‘lgani kabi, uchinchisi ham sobiq davlat rahbari tomonidan e’tiborsiz qoldirildi. Atamboyev chaqiriqlarni qo‘liga ham olmasligini ta’kidladi.

Qirg‘iziston qonunlariga ko‘ra, uchinchi chaqiriqdan keyin huquq-tartibot organi xodimlari guvohni majburan olib kelish huquqiga ega.

Ma’lum bo‘lishicha, rezidensiyaga tergovchilarni kiritishmagan, ammo ularning oldiga Atamboyevning maslahatchisi Qunduz Joldubayeva chiqqan. U sobiq Prezident tergovga borish niyatida emasligini ma’lum qilgan. Parlamentning Atamboyevni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha qarori ustidan Konstitutsiyaviy palataga shikoyat qilinganini bildirgan.

Vazir o‘rinbosari boshliq militsiya xodimlari ichkariga kirish uchun hech nima qilmay, 20 daqiqadan so‘ng ortiga qaytgan.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston parlamenti joriy yilning 20 iyun kuni Atamboyevning daxlsizligini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilib, uni mamlakat Bosh prokuraturasiga yubordi.

Prokuratura Atamboyevni Issiq-ko‘l viloyatida yer uchastkalarini qayta profillash, Bishkek issiqlik elektr stansiyasi va mamlakat poytaxtidagi Tarix muzeyi rekonstruksiyasida korrupsiyaga qo‘l urganlikda, jinoiy “avtoritet” Aziz Batukayevni jazoni o‘tash joyidan noqonuniy ozod qilishga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqardi. Agar sud uni aybdor deb topsa, Atamboyev butun umrga qamalishi mumkin.

Atamboyevning o‘zi parlament a’zolarining ayblovini “mavhum” deb, xalq oldida vijdoni toza ekani va Prezidentligidagi barcha harakatlari uchun javob berishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Almazbek Atamboyev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga rahbarlik qilgan. Atamboyev birinchi to‘liq prezidentlikdan keyin o‘z xohishi bilan lavozimni tark etgan birinchi prezident bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Almazbek Atamboev

Baholaganlar

175

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing